Orolboʻyidan dinozavr izi topilgani rostmi?

    Fan 25 Aprel 2024 423

    Ijtimoiy tarmoqlarda Orolboʻyidan dinozavr izlari va dinozavr bolasining suyaklari topilgani haqida xabar tarqaldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimiga qarashli Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutining geologiya laboratoriyasi mudiri Izzet Aimbetov mazkur xabarlarga izoh berdi.

    "Oʻtgan yilning sentyabr oyida qoraqalpogʻistonlik olimlar bilan hamkorlik qilish istagida Slovakiyadan bir nechta paleontolog olimlar kelishdi. Ular Orolboʻyidagi koʻplab hududlarda tadqiqot olib borib, noyob topilmalarni topishdi.

    Ular orasida suvda yashaydigan dinozavrning kichikroq turining suyagi ham bor. Olimlar yurtlariga qaytib ketishdi va joriy yilning aprel oyi boshida yana Qoraqalpogʻistonga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirib, Ustyurtda dinozavr izini topishdi.

    Dinozavrning izlari yerga botib, vaqt oʻtgani sayin geologik jarayon natijasida toshga aylanib qoladi. Hozir olimlar ana oʻsha tosh izlarni chuqur oʻrganishmoqda.

    Qayd etishicha, ikkinchi ekspeditsiyada ishtirok etish uchun Fransiyadan olimlar kelib Qora-togʻ togʻlari, Ustyurt, Nukus, Xoʻjayli, Taxiatosh tumanlarida boʻlib koʻplab noyob suyaklarni topishdi. Ushbu suyaklar Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimida saqlab turilibdi.

    Ikkita ekspeditsiya jarayonida topilgan suyaklar 70 million yil oldin yashagan hayvonlarning suyaklari boʻlib, shu suyaklar orqali olimlar yerning tarixini oʻrganadi.