Oʻrta Chirchiq granitlari xorijliklarni qiziqtirmoqda

    Biznes 6 Iyul 2020 2340

    Oʻrta Chirchiq tumanining «Kim Pen Xva» mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Bazalt granite” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatini boshladi. Korxonada qurilishda foydalaniladigan granit mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

    Tayyorlanayotgan granitlarning xomashyosi Navoiy viloyatidagi konlardan olib kelinyapti.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 10 mlrd soʻm boʻlib, korxona toʻliq quvvatda faoliyatini boshlagach, 60 nafar kishiga ish oʻrni yaratiladi.

    Hozirda Koʻksaroy granitiga ishlov berilib, tayyor mahsulot sifatida qurilish obyektlariga yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda jamiyat mahsulotlarini Toshkent va Nurafshon shaharlaridagi qurilish korxonalariga joʻnatyapti. Kelgusida ularni Tojikiston va Turkmanistonga eksport qilish ham rejalashtirilgan.

    – Granitlarga ishlov berayotgan maxsus texnikalar zamonaviy boʻlib, ular Xitoydan olib kelingan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Habibullo Zokirov. –. Ishchi-xodimlar xitoylik mutaxassislardan kasb sirlarini oʻrganishgan. Shu bois, ish samaradorligi ortib bormoqda. Yaqinda ishlab chiqarayotgan granit mahsulotlarimizning umumiy hajmi 10000 kvadrat metrga yetadi.