Markaziy Osiyoda yirik naslli parrandachilik xoʻjaligi barpo etilmoqda

    Agrosektor 24 Sentabr 2020 4176

    Oʻrta Chirchiq tumani “Tinchlik” mahallasi hududida joylashgan sobiq “Oʻrta Chirchiq parranda fabrikasi” 2019-yilda “Novobod naslli parranda” fermer xoʻjaligi tomonidan sotib olingan edi. Hozirgi kunda fermer xoʻjaligining 50 gektarli yer maydonida parranda boqish uchun moʻljallangan 63 ta sexlar mavjud.

    2020-2021-yillarda tashlandiq holga kelib qolgan sobiq fabrika sexlarini bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar asosida kapital rekonstruksiya qilinmoqda. Har bir bosqichda 15 tadan sexlar ishga tushirilmoqda. Hozirgi kunda 30 ta sexga Xitoyning “Big herdsman” korxonasining texnologiyalari olib kelinib oʻrnatildi.

    Bu texnologiya toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, parrandaga ovqat va suv berishdan tashqari sex ichidagi haroratni ham bir meʼyorda turishini ham taʼminlaydi. Shuningdek, Vengriya davlatidan ROSS-308 naslchilik joʻjalarini ham olib keldik deydi, - korxona rahbari Rustam Saidov.

    Yaqin kelajakda 3-bosqich sexlari ishga tushgandan soʻng, xoʻjalikda 330 ming bosh naslli ona tovuq boqilib, 40 million donadan ortiq inkubatsion tuxum ishlab chiqariladi. Bu esa nafaqat Markaziy Osiyoda balki, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligidagi eng katta naslchilik xoʻjaliklaridan biri boʻladi.

    Mahsulotlarimizni faqatgina mahalliy parrandachilik, joʻja yetishtiruvchi xoʻjaliklariga shuningdek, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻonistonga ham yetkazib berilmoqda deydi suhbatdoshimiz.

    Hozirgi kunda korxonada 96 nafar xodim ishlamoqda. 3-bosqich sexlari ishga tushishi bilan ishchilar soni 160 nafarga oshadi.

    Ayni kunlarda 15 ta sexning har birida 6500 zotdor naslli ona tovuq va 600 tadan xoʻrozlar boʻlib, inkubatsion tuxumlar olinmoqda. Qolgan 15 ta sexda esa zotli ona tovuqlar parvarishlanmoqda.