O'rta er dengizining noyob gavhari

    Turizm 18 Iyun 2024 391

    Dalaman - Turkiyaning janubi-g'arbiy qismida Mug'la viloyatida joylashgan bo'lib, tabiiy go'zalliklari, tarixiy boyliklari bilan boshqa tumanlardan ajralib turadi.

    Egey va O'rta er dengizi chorrahasida joylashgan Dalaman har yili mahalliy va xorijiy sayyohlarning diqqat markazidadir. Quyida Dalamanning turizm salohiyati va u taqdim etadigan noyob tajribalar haqida so'z yuritiladi.

    Tabiiy go'zalliklari va plyajlari

    Dalamanning eng xushmanzara plyajlaridan biri Sarigerme bo'lib, oltin rangli qumlari va tiniq dengizi bilan tashrif buyuruvchilarni hayratda qoldirib keladi. Plyaj, shuningdek, suv sporti uchun muhtasham muhitni taklif etadi. Sarsala ko'rfazi sokin va tabiat bilan uyg'un tajribani qidirayotganlar uchun mukammal muqobildir.

    Tarixiy va madaniy boyliklari

    Dalaman nafaqat tabiiy go'zalliklari, balki tarixiy va madaniy boyliklari bilan ham ko'zni quvontiradi. Kaunos antik shahri qadimiy teatri, qoya qabrlari va ulkan devorlari bilan tarixni gavdalantiradi. Bu qadimiy shahar Dalamandan atigi bir oz masofa uzoqlikda joylashgan va borish juda qulay.

    Telmetstsos qadimiy shahri ham tarix ixlosmandlarining ko'rishi kerak bo'lgan maskanlardan biridir. Bu erdagi qadimiy teatr, agora va ibodatxona xarobalari ziyoratchilarga antik davr muhitini baxsh etadi.

    Turar joy

    Dalamanda turar joylarning keng tanlovini ko'rish mumkin. Hashamatli kurortlardan butik mehmonxonalargacha, yotoqxonalardan tortib ijaraga olinadigan villalargacha bo'lgan har turdagi turar joy variantlari mavjud. Ayniqsa, Sarigerme va Sarsala kabi turistik hududlarda shinam va sifatli xizmat ko'rsatadigan mehmonxonalar talaygina.

    Oziq-ovqat, ichimliklar va o'yin-kulgi

    Dalaman o'zining boy xilma-xil taomlari bilan ham barchani o'ziga tortadi. Mahalliy restoranlarda yangi dengiz mahsulotlari, gazaklar, kabob va zaytun moyli taomlar kabi turk oshxonasining eng mazali namunalari mavjud. Mahalliy bozorlar, ayniqsa, yangi va organik mahsulotlarga to'la bo'lib, bu mahalliy lazzatlarlarni tatib ko'rish imkoniyatini beradi.

    Kechqurun Dalamandagi turli ko'ngilochar maskanlarda jonli musiqa va raqslar jo'rligida yoqimli vaqt o'tkazish mumkin. Mahalliy festivallar va tadbirlar mintaqaning madaniy tuzilishi bilan yaqindan tanishish uchun juda ajoyib imkoniyat.

    Transport

    Dalaman aeroporti mintaqaning turizm salohiyatini oshiruvchi eng muhim elementlardan biridir. Bu yil O'zbekistondan Dalamanga charter reyslari 7-iyundan boshlab har juma kuni tashkil etilmoqda.