Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan oliy pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan, maktabda oʻqituvchi sifatida faoliyat olib borayotgan hamda “Pedagogika” taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan oʻqituvchilar uchun toʻlov-kontrakt asosida hududlar kesimida jami 500 ta oʻrin belgilangan edi.
2021/2022 oʻquv yili qabulida oliy taʼlim muassasalarining sirtqi taʼlim shakli boʻyicha “Pedagogika” taʼlim yoʻnalishlariga imtihonda ishtirok etgan oʻqituvchilarning maʼlumoti shakllantirilgan boʻlib, Davlat test markazi tomonidan abituriyentlar roʻyxati ularning toʻplagan ballari hamda tanlagan taʼlim yoʻnalishlari ustuvorligi boʻyicha aniqlandi.
Bir qator hududlarda belgilangan soʻnggi oʻtish oʻrnidagi (bir xil ball toʻplagan) nomzodlarning mavjudligi natijasida jami oʻrinlar 537 tani tashkil etdi.
Talabalikka tavsiya etilgan oʻqituvchilar roʻyxati tegishli oliy taʼlim muassasalariga oʻrnatilgan tartibda Davlat test markazi tomonidan yetkazildi.