“Oʻzbekneftgaz” AJda konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni koʻpaytirish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

Jumladan, quduqlarda kapital taʼmirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burgʻilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari esa qayta taʼmirlanib ishga qoʻshilyapti.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Oʻrtabuloq” gaz kondensat konidagi 238-sonli quduqda ham olib borilgan burgʻilash ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Quduq burgʻilanib tugatilgach, 2449,16–2329,16 metr oraliqqa filtr tushirildi.

Quduqni oʻzlashtirish ishlaridan soʻng, kunlik 100 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 0,8 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.

Maʼlumot uchun: “Oʻrtabuloq” koni Buxoro viloyatining Olot tumanida joylashgan boʻlib 1973-yildan buyon ishlatilib kelinadi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.