Boisi, shu paytgacha sanoqligina ikki qavatli binolarni aytmaganda, tumanda baland imorat yoʻq edi. Shu bois, bu gaplarga odamlar unchalik eʼtibor bermadi.

Ammo bir oz vaqt oʻtib, tuman marka­zidagi Aygʻirkoʻl mahallasidagi boʻsh turgan maydonda katta qurilish boshlab yuborildi. Qad rostlayot­gan binolarni koʻrgan kishining dili yayradi. Qisqa fursatda uy-joyga ehtiyoji borlar yangi xonadon xarid qilishga sho­shildi. Shu tariqa tumanda “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etildi. Hozir toʻliq foydalanishga topshiril­gan hudud markazga koʻrk qoʻshib turibdi.

— Bugun mamlakatimizning har bir hududi obod va goʻ­zal maskanga aylanib bormoqda, — deydi Yakkabogʻ tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻja­lik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Elbek Beknayev. — Ayniqsa, keyingi besh-olti yilda tumanimizda xayolimizga kelmagan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Bu farovonliklarning barchasi inson qadrini ulugʻlash uchun qilinayotgan ishlarning bir koʻrinishi. “Yangi Oʻzbekiston” massivida 2025-yilning oʻzida misli koʻril­magan bunyodkorlik ishlari bajarildi. Yirik loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, soʻnggi yillarda 18 gektar yerda 54 ta 5 qavatli, jami 1340 xonadonli koʻp qavatli uy- joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Majmuani barpo etish uchun 400 milliard soʻm sarflandi. Loyiha doirasida 15 ta 36 xonadonli, 1 ta 40 xonadonli, 38 ta 20 xonadonli uy-joy barpo etildi.

Shuningdek, byudjet mablagʻlari evaziga 15 milliard soʻmga 330 oʻrinli yangi maktab, 6,5 milliard soʻmga 120 oʻrinli bogʻcha va 1,7 milliard soʻmga mahalla binosi qu­rib foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, 15 ta ikkita kirish yoʻlakli koʻp qavatli uy-joy, 1-qavatida 3750 kvadrat metrdan iborat tadbirkorlik subyekt­lari uchun binolar majmuasi shakllantirildi. Ushbu majmuada tadbirkorlarning 43 milliard soʻm mablagʻi hisobiga 45 dan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 120 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Qolaversa, massivda ichimlik suv uchun 3,1 kilometr tarmoq va 2 ta inshoot hamda oqova suvga 8,4 kilometr tarmoq va bitta inshoot, 6 kilometr ichki yoʻl qurildi. Bundan tashqari 3,8 kilometrga issiqlik tarmogʻi, 1,5 kilometrga gaz quvuri tortildi va 1 ta qozonxona qu­rildi. Ular uchun 6 ta taqsimlash punkti oʻrnatildi. 7,4 kilometr elektr tarmogʻi tortilib, uchta transformator qoʻyildi, 2,5 kilometr piyodalar yoʻlakchasi qurilib, tun­gi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. Bolalar uchun 8 ta oʻyingoh qurildi. 50 kVt quyosh panellari va 140 ming litr sigʻimga ega 700 dona geliokollektor oʻrnatildi.

Keltirilgan raqamlar, bajarilgan yumushlar oddiy ishdek koʻrinishi mumkin. Ammo bu yerdagi ulkan bunyodkor­likning guvohi boʻlgan kishi tasanno aytishi shubhasiz. Ha, hozir oʻzgacha shahar koʻrinishiga kelgan bu manzil ilgari qa­rovsiz maydon edi desangiz hech kim ishonmaydi.

Belgilangan rejaga koʻra massivda ishlar hali toʻx­tab qolgani yoʻq. Xususan, aholi va tadbirkorlarga qulay muhit yaratish maqsadida koʻp qavatli uylarning 1-qavati­ga tijorat banklari boʻlimlari joylashtirildi. Bundan tashqari, 15 ta koʻp qavatli uy yertoʻlasida tadbirkorlar uchun 7500 kvadrat metr joy beriladi. Unda bosqich­ma-bosqich har xil turdagi ishlab chiqarish va xizmat koʻr­satish shoxobchalari tashkil etiladi. Jami 150 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Yana bir gap. Mazkur massivda boshqa tuman va shahar­lardagidan farqli ravishda yangilikka qoʻl urilgan. Yetak­chi tadbirkor tashabbusi bilan yirik loyiha asosida ekobozor tashkil etilgan. Qiymati 6 million dollardan ortiq boʻlgan ushbu majmua uch qavatdan iborat. Unda 80 ta ish oʻrni yaratilgan. Muhimi, ekobozor aholi ehtiyojini toʻliq qoplashga xizmat qiladi. Xususan, uning birinchi qavatida dehqonchilik mahsulotlarini sotish uchun yuzdan ziyod rasta joy olgan. Ikkinchi qavatida esa 106 ta kiyim- kechak doʻkoni ishga tushirilgan. Uchinchi qavatida bolalar oʻyingohi hamda restoran faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Ekobozorimiz nafaqat “Yangi Oʻzbekiston” mas­sivida yashovchilar, balki tumanimiz aholisi uchun ham qulay savdo majmuasiga aylandi, — deydi “Kelajak renessans” MCHJ rahbari Maqsud Kamolov. — Hozir xaridorlar har bir kichik narsaga ham eʼtiborli, bozor madaniyatiga jiddiy qaraydi. Shu bois, iloji boricha sharoit yaratishga harakat qilganmiz. Talab va takliflar oʻrganilib, har bir jihatni inobatga oldik. Xizmat koʻr­satish toʻliq zamon talablariga mos tartibda. Hozir 250 dan ziyod ish oʻrni yaratildi. 2026-yil davomida yana qoʻ­shimcha loyihalarni ishga tushirishni reja qilganmiz. Shu orqali yana 50 ga yaqin kishi ishli boʻladi. Qolaversa, isteʼmolchilar uchun yanada qulayliklar yaratiladi.

Davlatimiz rahbari 2025-yilning iyun oyidagi Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur ekobozor faoliyati bilan ham tanishganida mutasaddilarga bun­day qulay savdo majmualarini boshqa tuman markazlari­da va massivlarda ham koʻpaytirish kerakligi borasida koʻrsatma bergan edi. Demak, kelgusida ekobozor nafaqat Yakkabogʻ tumanida, balki boshqa hududlarda ham barpo etilib, aholiga xizmat qilishni boshlaydi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri