Oʻshda Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi ochildi

    Xalqaro hamkorlik 9 Dekabr 2023 1823

    Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulligining rasmiy ochilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda asosiy mehmon sifatida Qirgʻiziston Prezidentining Oʻsh viloyatidagi vakolatli vakili Elchibek Jantayev ishtirok etdi.

    Anjuman Oʻzbekiston Davlat bayrogʻini koʻtarish marosimi va ikki davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.

    Oʻzbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov oʻzining qutlov soʻzida tarixiy voqea – Oʻsh shahrida mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasining ochilishi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda boʻlib oʻtayotganini taʼkidladi. Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, Oʻsh shahrida Bosh konsulxonaning ochilishi Oʻzbekiston tomonining Qirgʻiziston bilan strategik munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirish istagini yana bir bor tasdiqlashini qayd etdi.

    Elchibek Jantayev oʻz nutqida barcha yigʻilganlarni respublikaning eng muhim bayramlaridan biri – Konstitutsiya kuni bilan tabriklar ekan, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

    U ushbu tarixiy onlar Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarni rivojlantirish, ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻlishini taʼkidladi.

    - Oʻsh shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulligi tashkil etilgani tomonlarning ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan mushtarak intilishlarining ifodasidir, - dedi Qirgʻiziston Prezidentining Oʻsh viloyatidagi vakolatli vakili. - Qirgʻiziston janubida ushbu konsullik idorasining mavjudligi mamlakatimizning mazkur hududida joylashgan Oʻzbekiston fuqarolarining hayotiy muammolarini tezda hal etishga xizmat qiladi. Bosh konsullik nafaqat Oʻzbekiston fuqarolari, balki ikki davlat oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga intilayotgan har bir kishi uchun yordam markazi boʻlib ham xizmat qilishiga ishonch bildiramiz.

    Oʻsh davlat universiteti professori Baybolot Abitov oʻz maʼruzasida Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari barcha sohalarda rivoj topib borayotganiga eʼtibor qaratib,

    - Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻzaro hamkorlik qilmagan biror soha yoʻq, - dedi u. - Oʻsh shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulxonasining ochilishi oʻzaro hamkorligimizni kengaytirish va faollashtirish, fan va taʼlim sohalarida oʻzaro almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi. Bosh konsulxonaning ochilishi Oʻzbekiston Asosiy qonuni qabul qilingan kunga toʻgʻri kelgani ham quvonarlidir. Fursatdan foydalanib, barcha qardosh Oʻzbekiston fuqarolarini Konstitutsiya kuni bilan tabriklayman.

    Tadbir yakunida taqdim etilgan oʻzbek milliy kuy va qoʻshiqlari hamda raqslaridan tuzilgan madaniy dastur barchaga xush-kayfiyat ulashdi.