Oʻsimliklar karantini borasida Rossiya bilan hamkorlik yangi bosqichda

    Agrosektor 7 Dekabr 2021 2765

    Maʼlumki, 2018-yilda Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi hamda Rossiya Federatsiyasining “VNIIKR” Butunrossiya oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi.

    Kelishuvga asosan ikki tashkilot oʻrtasida fitosanitar xavfsizlikni taʼminlash, jumladan Oʻzbekiston va Rossiya ilmiy-tadqiqot doiralarining tajriba almashinuvini rivojlantirish masalasida istiqbolli kelishuvga erishildi va ushbu yoʻnalishda samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    “VNIIKR” mutaxassislarining hamkorlik doirasidagi navbatdagi tashrifida ham fitosanitar xavfsizlik, agronom-inspektorlarning malakasini oshirish, oʻsimliklar viruslarini aniqlash, zamonaviy fumigatsiya vositalari va usullari, pestitsidlarni qoʻllash tartibi kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, sohaning raqamlashtirilishi natijasida Oʻzbekistoning “e-Fitouz” va Rossiyaning “Argus-Fito” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari integratsiyalashtirildi. Bunda ikki mamlakat karantin xizmatlari oʻrtasida fitosanitar sertifikatlarning elektron almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.

    Uchrashuvda mamlakatimizda oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimda yagona axborot platformasi hisoblangan “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan dasturining taqdimoti ham oʻtkazildi. Taqdimot doirasida xorijlik mutaxassislarga mazkur platformaning “dala nazorati”, hududlar kesimidagi yangilanib turadigan maʼlumotlar bazasi, fitosanitar sertifikatlarning rasmiylashtirilishi, xavfsiz hududlarning xaritasi kabi qator afzalliklar namoyish etildi.

    Tashrif doirasida rossiyalik mutaxassislar Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi, situatsion markaz, mobil laboratoriya, “detektor-xizmat it”lari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida “VNIIKR” hamkorligida “Komstok qurti” va “Sharq mevaxoʻri”ga qarshi kurash tadbirlarini tashkil etish, ushbu zararkunandalarni aniqlashning innovatsion yechimlari boʻyicha onlayn seminar-treninglar tashkil etilgan edi. Tomonlar kelgusida bu kabi onlayn seminar-treninglar oʻtkazishni davom ettirib, fitosanitar xavfsizlik sohasini yanada rivojlantirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.