Oʻsimliklar karantini boʻyicha xizmatlar doirasi kengaytiriladi

    Agrosektor 14 Oktabr 2020 1176

    2020-yil 13-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4861-sonli “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

    Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (Inspeksiya) tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi (Markaz);

    Toshkent davlat agrar universitetining Termiz, Nukus va Samarqand filialida hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Markazning zamonaviy laboratoriyalarga ega boʻlgan mintaqaviy filiallari.

    Markaz va mintaqaviy filiallarning asosiy vazifalaridan biri respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish hisoblanadi.

    2021-yil 1-yanvardan xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan oʻtgan karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga va boshqa materiallarga xulosa berishga ruxsat beriladi.

    2021-yil 1-apreldan respublika hududiga xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari (samolyotlar, temir yoʻl vagonlari va konteynerlari, yuk avtomashinalari) yuk xonalarini karantin nazoratidan oʻtkazish va “detektor – xizmat it”laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

    2020-yil 1-noyabrdan oʻz hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini oʻtkazish toʻgʻrisida Inspeksiyaga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

    - Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filialida Oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantini taʼlim yoʻnalishi boʻyicha;

    - barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan professional taʼlim muassasalarida “Oʻsimliklar himoyasi laboranti” va “Oʻsimliklar himoyasi va karantini agronomi” kabi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

    2020-yil 1-dekabrga qadar “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bazasida “daladan eksportgacha” boʻlgan zanjirni qamrab oluvchi tizim yaratiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.