Loyihaga koʻra, quyidagilar oʻsimliklar karantini sohasini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha vazifalari etib belgilanadi:
- mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini jahon bozorlariga kirib borishida hamda ularning eksport qilish hajmlarini oshirishga yoʻnaltirilgan samarali fitosanitariya sertifikatlashtirish tizimini kuchaytirish;
- oʻsimliklar karantini tizimini Konvensiya talablari va xorijiy tajriba asosida takomillashtirish;
- oʻsimliklar karantini sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;
- sohada taʼlim va ilmiy salohiyatni mustahkamlash hamda innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish;
- oʻsimliklar karantini tizimi infratuzilmasini yaxshilash, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish;
- davlat-xususiy sherikchiligini yanada rivojlantirish asosida meva-sabzavot eksporti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Konvensiya qoidalaridan kelib chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda majburiyatlarni samarali amalga oshirishda masʼul vakolatli organ etib belgilanadi.
Oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlarini karantindagi zararli organizmlardan himoya qilish sohasida ilmiy-tadqiqot va izlanishlar koʻlamini kengaytirish, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va uning vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan holi boʻlgan hududlarni belgilash va qarshi-kurash dasturlarini ishlab chiqish;
- oʻsimliklar karantini obyektlari ustidan monitoring va ular tarqalishini prognoz qilish boʻyicha ilmiy ishlar olib borish;
- respublika hududida katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarni fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish va ularning kirib kelishini oldini olishga qaratilgan fitosanitar choralar ishlab chiqish;
- zararli organizmlarni aniqlash va ularning diagnostikasini ekspress-usullarini ishlab chiqish;
- qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zararsizlantirishning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish hamda zararli organizmlarga taʼsir etish mexanizmlari va samarasini ilmiy asosda oʻrganish.