O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi

    Yashil sayyora 15 Oktabr 2020 1531

    Bu Prezidentning 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4861-son qarorida nazarda tutilgan.

    Markaz Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Inspeksiya) tizimidagi Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida tashkil etildi. ToshDAUning Termiz, Nukus va Samarqand filialida hamda Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida Markazning zamonaviy laboratoriyalarga ega boʻlgan mintaqaviy filiallari tashkil qilinadi.

    Quyidagilar Markaz va uning mintaqaviy filiallarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

    • fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqish;
    • karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan holi boʻlgan hududlarni belgilash, ular tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish;
    • karantin obyektlari va oʻsimliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ular diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish;
    • zararli organizmlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga taʼsirini ilmiy jihatdan oʻrganish, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va yangi turdagi entomofaglar yaratish;
    • Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik subyektlarining agronom hamda entomologlariga bilim berish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

    Markaz va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.

    Markaz Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur koʻchasi, 4-uy manzilida joylashtiriladi.

    Hujjat bilan shunday tartib oʻrnatildiki, unga muvofiq:

    a) 2020-yil 1-noyabrdan boshlab:

    • eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi. Ular mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishadi, maslahatlar va amaliy yordam berishadi;
    • oʻz hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini oʻtkazish toʻgʻrisida Inspeksiyaga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

    b) 2021-yil 1-yanvardan boshlab xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan oʻtgan karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga va boshqa materiallarga xulosa berishga ruxsat beriladi;

    v) 2021-yil 1-apreldan boshlab xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari (samolyotlar, temir yoʻl vagonlari va konteynerlari, yuk avtomashinalari) yuk xonalarini karantin nazoratidan oʻtkazish va “detektor – xizmat it”laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

    Quyidagilar:

    • 2020-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida oʻsimliklar karantini faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2020-2021-yillarda tashkil etiladigan oʻsimliklar klinikalari, biolaboratoriyalar va qadoqlash sexlarining prognoz koʻrsatkichlari;
    • Inspeksiyaning tashkiliy tuzilmasi;
    • Inspeksiya markaziy apparatining tuzilmasi;
    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi;
    • oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalari xodimlarining soni;
    • avtomobil yoʻllaridagi, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo porti va tashqi iqtisodiy faoliyat postlaridagi oʻsimliklar karantini boʻyicha chegara punktlari hamda pochtamtdagi punkt roʻyxati;
    • Markaz va uning mintaqaviy filiallariga biriktiriladigan muassasalar roʻyxati;
    • ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi karantin laboratoriyalari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi;
    • respublikadagi biolaboratoriyalar va oʻsimliklar klinikalarini tegishli ilmiy-tadiqot va oliy taʼlim muassasalari kafedralariga biriktirish jadvallari tasdiqlandi.

    Markazga biriktiriladigan muassasalar qoshida urugʻlar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha karantin laboratoriyalari tashkil qilinadi.

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

    • ToshDAUning Nukus filialida “Oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantini” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash boshlanadi;
    • qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan professional taʼlim muassasalarida “Oʻsimliklar himoyasi laboranti” va “Oʻsimliklar himoyasi va karantini agronomi” kabi mutaxassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlari tayyorlanadi.

    Yil yakuniga qadar “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Yagona darcha” bojxona axborotlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish ishlari toʻliq yakunlanadi, unga fermer va dehqon xoʻjaliklari, bogʻ-tokzorlar, aholi tomorqalari, ob-havo toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi. Dekabrga qadar “e-Fitouz” tizimi bazasida “daladan eksportgacha” boʻlgan zanjirni qamrab oluvchi tizimni yaratiladi va ishga tushiriladi.

    Shuningdek, hujjat bilan karantindagi va eksportga salbiy taʼsir etuvchi boshqa xavfli zararli organizmlar tarqalgan hamda ulardan holi boʻlgan hududlarning elektron xaritalari yuritilishini joriy qilish va “daladan eksportgacha” boʻlgan zanjirda “bar-kod” tizimini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.10.2020-yildan kuchga kirdi.

    Elmira Siraziyeva.