Oʻsimliklar karantini va himoyasi tadbirlari yangi bosqichda amalga oshiriladi

    Agrosektor 29 Aprel 2022 2086

    “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

    Senatning yalpi majlisida “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

    Mazkur Qonun bilan 1 ta kodeks va 5 ta qonunga oʻzgartishlar kiritiladi.

    Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda Oʻsimliklar karantini va himoyasi organlariga taalluqli maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar belgilanadi.

    Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunda mineral oʻgʻitlarning, oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji va chakana savdosi boʻyicha litsenziya amal qilish muddati cheklangan holda berilishi nazarda tutilgan.

    Mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilishda zararkunandalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga, qonunda belgilangan talablarga amal qilmaganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipi taʼminlanishiga erishiladi.

    Ushbu Qonun ham senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.