Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtiriladi

    Mamlakatimizda 19 Noyabr 2021 2184

    Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

    Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeks va “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksiga oʻsimliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablar (choralarini) hamda boshqa qoidalarni buzish kabi huquqbuzarliklar, yaʼni oʻsimliklar karantini obyektlari va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablar hamda karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya va yoʻq qilish chogʻida buzish, shuningdek fitosanitariya choralarini buzish, yaʼni oʻsimliklar karantini obyektlari va boshqa zararli organizmlar tarqalishining oldini olish choralarini koʻrmaganlik uchun javobgarlik belgilash kiritilmoqda.

    Shuningdek karantin ostidagi mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va chiqish qoidalarini buzish kabi huquqbuzarlik uchun javobgarlik oʻrnatiladi.

    Bundan tashqari “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi bilan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha maxsus vakolatli davlat organ ekanligi belgilanadi. Shuningdek, ushbu agentlikning vakolatlarini kengaytirish, oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining majburiyatlarini oshirish nazarda tutilgan.

    Hujjat bilan Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmati tizimiga Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining tuman (shahar) oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻlimlari, Respublika agrokimyoviy tahlil markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari, “Biosifat” respublika markazi, oʻsimliklar karantini boʻyicha tashqi iqtisodiy faoliyat chegara punktlari, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlatlararo chegara punktlari kabi tuzilmalarni qoʻshish belgilanmoqda.

    Bundan tashqari fitosanitariyaga oid yuqori xavfga ega boʻlgan karantin ostidagi mahsulotni, ekish, payvandlash, koʻpaytirish uchun moʻljallangan ekish materiallarini xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborish, shu jumladan bagaj va qoʻl yukida olib oʻtish taqiqlanadi.

    Ushbu Qonun ham senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.