Oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi oʻzgarishlar qonun bilan mustahkamlanadi

    Agrosektor 24 Avgust 2023 1305

    Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilishni taʼminlash, oʻsimliklarni himoya qilish vositalarining inson sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsirining oldini olish bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishni yanada kuchaytirish zarurati mavjud.

    Senatning qirq toʻrtinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda aynan shu masalaga eʼtibor qaratilgan.

    Qonunda maxsus vakolatli davlat organi sifatida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan oʻsimliklarni himoya qilish sohasida davlat nazorati amalga oshirilishi, oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarining sohadagi huquq va majburiyatlari belgilanadi.

    Shuningdek, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish, tamgʻalash hamda ishlab chiqarishga doir talablar nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari, qonuniylik, tizimlilik va uzluksizlik, biologik usulni qoʻllash ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik kabi oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar mustahkamlanadi.

    Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, qoʻllash, tashish, muomaladan chiqarish, tashish, saqlash qoidalariga rioya qilishga, shuningdek, yaroqsiz holga kelgan va qoʻllanilishi taqiqlangan vositalarni zararsizlantirishga, utilizatsiya qilishga doir talablar kuchaytirib borilyapti

    Ushbu Qonun kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishni ham nazarda tutadi. Yaʼni, Qonun davlat mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini hisobga olish va monitoring qilishni taʼminlaydi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.