Oʻsimliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlari kengaytiriladi

    Vazirlar Mahkamasi “Oʻsimliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

    Unga muvofiq, Biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizomda:

    • biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga sertifikat berish va uni rasmiylashtirish;
    • muvofiqlikni baholash organlari va inspektorlar tomonidan biologik himoya vositalarini koʻpaytirish bilan bogʻliq jarayonlarning sohadagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini monitoring qilish;
    • biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga sertifikatni qayta rasmiylashtirish;
    • biologik himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalariga sertifikatlar reyestrini yuritish tartibi belgilab berilgan.

    2024-yil yakuniga qadar “Biosifat” respublika markazi laboratoriyasi zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlanadi hamda biologik himoya vositalarining sifatini joyida aniqlaydigan ekspress-mobil laboratoriya xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 15-moddasiga muvofiq respublikada faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar tomonidan oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi texnik reglamentlarda koʻrsatilgan xavfsizlik talablariga rioya etgan holda fitosanitariya tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirilishi, biomahsulotlarning sifati va dalaga tarqatish meʼyori boʻyicha sertifikatlangan biologik himoya vositalarini tarqatilishi yoʻlga qoʻyiladi.

    Qarorga koʻra, 2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda biologik himoya vositalarini koʻpaytirishning prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

    2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda viloyatlar Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari muqaddam biolaboratoriya sifatida foydalanib kelingan bino va inshootlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlarida tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

    Biolaboratoriyalar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar oʻrtasida biomahsulotlarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishi va biolaboratoriyalarning moliyalashtirilishi hamda biomahsulotlarning dalaga tarqatilishi boʻyicha maʼlumotlar “Raqamli qishloq xoʻjaligi” platformasiga joylashtirib boriladi.

    Qarorda 2024-2025-yillarda xorijiy (xalqaro) moliya institutlari, boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmaklari hamda grantlarini jalb etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda kamida bittadan namunali zamonaviy biolaboratoriyalar tashkil etish koʻzda tutilgan.