Materialda koronavirus bilan bogʻliq bugungi vaziyatda turizm sohasida kuzatilayotgan inqiroz haqida soʻz boradi.
“Oʻzbekiston hukumati va soha mutasaddilari turizmni qayta tiklash hamda sayyohlarni jalb qilish maqsadida qator loyihalarni ishlab chiqmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida keladigan turistlar salomatligi va xavfsizligini taʼminlash choralari boʻyicha alohida hukumat qarori qabul qilindi. Unga koʻra, mamlakatga kelgan sayyoh koronavirus yuqtirib olgan taqdirda unga 3 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi”, deyiladi maqolada.
Nashrda, shuningdek, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm boʻyicha elchisi Sofi Ibbutsonning fikrlari keltirilgan.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston hukumati yaqinda qabul qilingan xavfsizlik choralariga ishonadi va ushbu tizim sayyohlarni koronavirusdan himoya qilish uchun turizm sohasida qoʻllaniladi.
Maqolada davlat sayyohlar uchun zarur sharoit yaratayotgani haqida soʻz yuritilgan. Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchilar xavfsizlik va gigiyena boʻyicha qabul qilingan ichki tartib-qoidalarga amal qilishlari zarurligi taʼkidlangan.
Turistik kompaniya va mehmonxonalar sogʻliqni saqlash va epidemiologik xavfsizlikning yangi standartlari boʻyicha sertifikatni olishlari talab etilishi haqida xabar berilgan.
“Osiyo al-yavm” saytidagi maqolada, shuningdek, mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat haqida ham atroflicha maʼlumot taqdim etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.