Gʻolib sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Bokschilarimizni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qoʻmitasi (MOQ) raisi Rustam Shoabduraxmonov va boshqa masʼullar kutib olishdi.
Marosimning ikkinchi qismi MOQda davom etdi. Tadbirda Aziz Abduhakimov soʻzga chiqib, dastavval terma jamoamiz aʼzolarini yirik gʻalaba bilan qutladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bokschilarimizga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Tabrikning asl nusxasi Oʻzbekiston boks federatsiyasiga tantanali ravishda topshirildi.
Qitʼa chempionatida qahramonlik koʻrsatgan bokschilarimiz, ularning murabbiylari va ota-onalari ham yigʻilish doirasida oʻz dil izhorlarini bildirishdi. Jumladan, Osiyo chempioni Sitora Turdibekova shunday dedi:
“Osiyo chempionatida bunday yuqori natijalarga erishishimizda albatta murabbiylarimizning hissalari katta. Ayniqsa, Prezidentimizning tabriklarini eshitgandan keyin quvonchimiz yana-da ortdi. Bizga ishonch bildirib, shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimiz rahbari hamda hukumatimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Kelgusida bundan ham yirik musobaqalarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrogʻini yana-da yuqori koʻtarishga soʻz beramiz”.
Osiyo chempionati gʻolibi Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Jalolova ham barchani gʻalaba bilan tabrikladi.
“Ushbu gʻalabalar barchaga muborak boʻlsin. Biz - ota-onalar farzandlarimizning yutuqlaridan juda ham xursand boʻldik. Yangi Oʻzbekistonga mana shunday yorqin gʻalabalar yarashadi. Umid qilamanki, oʻgʻil-qizlarimiz Tokio olimpiadasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga oltin medallar bilan qaytishadi. Hurmatli Prezidentimiz boksga juda katta eʼtibor qaratmoqdalar. Viloyatlarda ham boks maktablarini ochish toʻgʻrisidagi qarordan juda ham mamnun boʻldik. Yoshlarimizga yaratib berilayotgan mana shunday sharoitlardan keyin farzandlarimiz ortidan yana koʻplab Osiyo va jahon chempionlari yetishib chiqadi, degan umiddaman. Shunday farzandlarimiz borligidan faxrlanamiz!”, - dedi u.
Shuningdek, tadbirda Osiyo chempioni Bahodir Jalolov, terma jamoamiz murabbiylaridan Rahmatjon Roʻzioxunov, Oʻzbekiston sport faxriylari Kengashi raisi Bahodir Maxsitov ham soʻzga chiqib, BAA ringlarida qoʻlga kiritilgan gʻalabalarning qadri, ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning sportchilarga yoʻllagan tabrigi ahamiyatini alohida eʼtirof etishdi.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, bokschilarimiz 2021-yilgi Osiyo chempionatida oʻz soʻzini aytishdi. Osiyo boksi tarixi zarvaraqlariga OʻZBEKISTON nomi mangu muhrlandi. Endi navbat Tokio-2020 Olimpiadasiga. Umid qilamizki, yurtimiz charm qoʻlqop ustalari kunchiqar yurt ringlarida ham YANGI OʻZBEKISTON nomini ulugʻlashadi!
“Ushbu qitʼa chempionati yigitlarimiz uchun joriy yil iyul oyida boshlanadigan yozgi Olimpiya oʻyinlari oldidan muhim tayyorgarlik bosqichini oʻtadi. Nufuzli musobaqada munosib ishtirok etganligimiz yigitlarga, umuman jamoamizga katta ruhiy quvvat boʻldi. Yana bir jihatni aytishim kerak, Oʻzbekiston terma jamoasi hali hech bir rasmiy Osiyo chempionatida 18ta medalga sazovor boʻlmagan edi. Ushbu muvaffaqiyatlarimiz zamirida avvalo muhtaram Prezidentimizning sport sohasiga berayotgan ulkan eʼtibori, qolaversa pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston boks federatsiyasi bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaganligi yotibdi. Maqsadimiz, Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish”, - dedi erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov.