Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yigʻilishi Samarqandda oʻtkaziladi

    2026-yil 3–6-may kunlari Samarqand shahri Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning 59-yillik yigʻilishiga mezbonlik qiladi.

    Tadbirda bankka aʼzo 69 davlatning bank-moliya muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, NNTlar va OAV vakillari ishtirok etib, Osiyo–Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari oldida turgan rivojlanish muammolari muhokama qilinadi.

    Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, OTB kotibi maslahatchisi David Garrigos-Soliva hamda bankning Strategik va siyosiy departamenti bosh mutaxassisi Botir Mirbabayev ishtirokidagi uchrashuvda yigʻilishni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

    David Garrigos-Soliva taʼkidlaganidek, 2026-yilgi yigʻilish mintaqaning koʻplab sohalarida muloqot va hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platformaga aylanadi.

    Shuningdek, tadbir doirasida samarqandlik tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun xorijlik investorlar ishtirokida biznes-forum ham tashkil etiladi.

    Bank vakillari Samarqandda “yashil iqtisodiyot” va inson kapitaliga sarmoya yoʻnalishlariga koʻmak berishga tayyorligini bildirishdi.

    “Yashil shahar” loyihasi doirasida ekologik toza elektrobuslar va tramvaylar yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi hamda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.