Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 2022 yilda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingiga kiritilgan edi. Kuni kecha 2023 yil uchun QS Osiyo universitetlari reytingida eng yetakchi oliy taʼlim muassasalari mingtaligidan joy oldi. Bunday yuqori koʼrsatkich, avvalo, mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarishga qaratilgan saʼy-harakatlar mahsuli. Qolaversa, universitet professor-oʼqituvchilarining koʼp yillik ijodiy, ilmiy ishlari samarasidir.
Mazkur reyting natijalariga oliy taʼlim muassasasining xalqaro miqyosdagi nufuzi, professor-oʼqituvchilarning jahon ilmiy jamoatchiligi tan olgan nashrlarda chop ettirgan maqolalari, ulardan iqtibos olinganlik darajasi, xorijiy ilmiy hamkorlik samaradorligi kabi mezonlar taʼsir koʼrsatishini eʼtiborga olsak, universitetimizdagi ilmiy-tadqiqotlar rivojida izchil taraqqiyot tendentsiyasi mavjudligini alohida eʼtirof etish mumkin.
Soʼnggi bir yilda universitet professoroʼqituvchilarining xalqaro ilmiy doiralar eʼtirofidagi nashrlardagi faoliyatida oʼsish kuzatilmoqda. Jumladan, oʼtgan yili universitet xodimlari xorijiy va respublika ilmiy nashrlarida 1012 ta maqola chop ettirgan boʼlsa, 2022 yilning 9 oyida ushbu koʼrsatkich 1187 tani tashkil etdi. Yurtimizda ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarning amaliy samaradorligini oshirish, qoʼllab-quvvatlash va ragʼbatlantirish alohida strategik vazifa sifatida belgilangan.
Bu borada Toshkent davlat pedagogika universitetini rivojlantirish strategiyasi va maqsadli koʼrsatkichlarining aniq belgilangani hamda ilmiy jamoaning potentsialidan unumli foydalanish natijasida oxirgi bir yilda ilmiy salohiyat 38 foizdan 50 foizga oshirildi. Oliy taʼlim muassasasida fan doktorlari 62, fan nomzodlari esa 386 nafarga yetdi. Oʼtgan yili universitet ilmiy tadqiqotchilari 78 ta doktorlik (PhD/DSc) dissertatsiyasi yoqlagan boʼlsa, joriy yilning toʼqqiz oyida 89 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi.
Yil yakuniga qadar yana 42 nafar ilmiy izlanuvchining doktorlik dissertatsiyasi yoqlanishi rejalashtirilgan. Ilmiy darajali xodimlardan 31 nafari yurtimizdagi boshqa turdosh oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritish uchun yuborilgan. 2021 yilda universitetda pedagogika va psixologiya fanlari boʼyicha ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyat yuritgan boʼlsa, bu yildan tarix fanlari boʼyicha ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash ham faoliyat yuritmoqda. Bu, oʼz navbatida, yosh tadqiqotchilarning dissertatsiya himoyasi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Endi qisqa muddatda universitet ilmiy salohiyatini 70 foizga koʼtarish, xalqaro ilmiy hamkorlik asosida ilmiy-innovatsion ishlarda jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari ilgʼor tajribasini transformatsiya qilish, professor-oʼqituvchilarning faolligini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini taʼlim jarayoniga tatbiq etishni kuchaytirish, strategik ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun rivojlantiruvchi dasturlar ishlab chiqilgan va uni amalga oshirish mexanizmlari mavjud.
Mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrovning yildan-yilga oshayotgani yangidan-yangi oliy taʼlim muassasalarini ochish, mavjudlarining oʼquv va boshqa binolarini kengaytirish hamda koʼpaytirish zaruratini vujudga keltirmoqda. Qolaversa, bugungi kun universitet va institutlar oldiga yoshlarni mehnat bozoridagi talabgir yoʼnalish va sohalar boʼyicha oʼqitib, zamonaviy kadrlar etib tayyorlash talabini qoʼymoqda. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham taraqqiyotning mazkur talab va andozalaridan mustasno emas.
Аyni paytda mamlakatimizdagi eng yirik pedagogik oliy oʼquv yurtlaridan biri ekani universitetning mavqei, undagi yoʼnalishlar, talabalar soni haqida tasavvur qilish imkonini beradi. Prezidentimizning shu yil 11 maydagi “2022–2026 yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʼyicha milliy dasturni tasdiqlash toʼgʼrisida”gi farmonida pedagog kadrlarni tayyorlash yoʼnalishida Toshkent davlat pedagogika universitetiga bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Talabalarning ilmiy tadqiqotchilik va kasbiy koʼnikmasini oshirish uchun dars jarayoniga soha mutaxassislari va olimlarni jalb etish, oʼquv dasturlari oʼzaro yaqin boʼlgan bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha asosiy va qoʼshimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibini yoʼlga qoʼyish shular jumlasidan. Bundan tashqari, Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini, umumiy oʼrta taʼlim muassasalari bilan birga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda ham tashkil etish choralarini koʼrish vazifasi yuklangan.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan xalqaro mutaxassislar, Prezident taʼlim muassasalari agentligi, shuningdek, mamlakatimizdagi nufuzli ilmiy markazlarning yetakchi mutaxassislari taʼlim jarayoniga jalb qilindi. Joriy oʼquv yilidan oʼquv dasturlari oʼzaro yaqin boʼlgan bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha asosiy va qoʼshimcha mutaxassislik berish uchun pedagogika yoʼnalishiga tarbiya fani oʼqituvchisi, maxsus pedagogika (surdopedagogika) yoʼnalishiga surdotarjimon, kimyo yoʼnalishiga biologiya oʼqituvchisi kvalifikatsiyasini berish tartibi joriy etildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 21 iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida 2023–2024 oʼquv yilidan pedagogika sirtqi taʼlim yoʼnalishlariga soha boʼyicha kamida besh yillik ish stajiga ega boʼlgan shaxslar qabul qilinishini nazarda tutgan holda ochiladigan taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha oʼquv rejalar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti bazasida ishlab chiqilishi belgilangan.
Boshlangʼich taʼlim yoʼnalishining 3 yillik maxsus sirtqi shakli boʼyicha namuna sifatida oʼquv reja ishlab chiqildi hamda kelishish uchun Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim qilindi. Bu oʼquv yilidan boshlab kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning oʼquv hamda malakaviy pedagogik amaliyoti “4+2” tartibida umumiy oʼrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalarida, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda tashkil qilindi.
Ushbu tizim talabalarning nazariy bilimni bir vaqtning oʼzida amaliyot bilan uygʼun holatda egallashiga xizmat qiladi. Pedagogika sohasida ilmiy va ijodiy salohiyatni oshirish, intellektual, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, iqtidor va isteʼdod sohiblariga tanlagan yoʼnalishi boʼyicha qobiliyatini namoyon etishiga koʼmaklashish va ularni ragʼbatlantirish uchun “oltin fond” guruhlarini shakllantirishning huquqiy-meʼyoriy asoslari yaratildi.
2023–2024 oʼquv yilidan universitetning matematika va informatika, amaliy psixologiya, boshlangʼich taʼlim hamda biologiya yoʼnalishlari boʼyicha “oltin fond” guruhlari shakllantirila boshlaydi. Pedagogika yoʼnalishi boʼyicha oʼquv dasturlarini ishlab chiqishda yetakchi oliy taʼlim muassasasi sifatida oʼqitish jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, oʼquv sifatini yaxshilash, pedagogik taʼlim jarayonini takomillashtirish va rivojlantirish borasida tajriba almashish maqsadida pedagog kadrlar tayyorlovchi boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik yoʼlga qoʼyilgan.
Jumladan, shu yilning 28 oktyabrь kuni universitetda Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi hamda uning huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʼor texnologiyalarni tatbiq etish markazi bilan hamkorlikda yurtimizda pedagogika yoʼnalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarining oʼquv ishlari boʼyicha prorektorlari, oʼquv-uslubiy boʼlim (boshqarma) boshliqlari hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar oʼtkazildi.
Seminarda xalq taʼlimi sohasi uchun pedagog kadrlar tayyorlashdagi islohotlar, oʼqitish sifati va mazmunini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislar oʼqitishdagi muhim masalalar, bu borada hamkorlikda qilinishi zarur boʼlgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida Toshkent davlat pedagogika universiteti oldida turgan vazifalar ijrosini taʼminlash boʼyicha tashkiliy ishlar koʼrildi.
Prezidentimizning shu yil 21 iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda hamkorlikda bajariladigan ishlar xususida fikr almashildi, tegishli xulosalar chiqarildi.
Bundan tashqari, yangidan tashkil etilgan pedagogika institutlarida taʼlim jarayonini tashkil qilishdagi muammolar tahlil qilinib, toʼplangan tajribalar asosida ularni bartaraf qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Bu saʼy-harakatlarning barchasi malakali mutaxassislarni tayyorlash yoʼlida qilinayotgan ishlarning bir qismi, xolos. Oldinda bizni yangi marra va dovonlar kutib turibdi.









