Unda Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda dunyo iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar aynan Osiyo mintaqasida joylashgan boʻlib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va boshqa koʻplab yoʻnalishlardagi yutuqlar ushbu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelyapti.
Shu nuqtai nazaridan mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida 2024-yilda Oʻzbekistonda Osiyo xotin-qizlar forumini oʻtkazish tashabbusi ilgari surilgan edi.
Shu maqsadda mazkur anjumanni “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan birgalikda joriy yil 13-14-may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazishga qaror qilindi.
Forum doirasida mintaqa xotin-qizlarining fan, taʼlim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali qashshoqlikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari muhokama etiladi.
Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi koʻrib chiqiladi. Zoʻravonlikning barcha shakllariga barham berish, ish joylarini ayollar uchun teng va xavfsiz qilish, ish joyida kamsitish va zoʻravonlikka barham berish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, BMT ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi qarorlarining amaliy ijrosi, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini ragʻbatlantirishda parlamentlarning oʻrni hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda mintaqadagi nohukumat tashkilotlarining roli masalalari ham koʻrib chiqiladi.
Yigʻilish davomida tadbirni oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy jihatlar, forum kun tartibi, uning mazmuni hamda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Forumni oʻtkazish boʻyicha barcha idora va tashkilotlarga vazifalar belgilandi.