Oʻsmirlar va yoshlar ruhiy salomatligini mustahkamlash masalasi muhokama etildi

    Salomatlik 27 Dekabr 2022 1559

    Joriy yil 26-dekabrda Senat binosida Oʻzbekiston Respublikasida oʻsmirlar va yoshlar ruhiy salomatligini profilaktika qilish va mustahkamlash masalalari boʻyicha idoralararo ishchi guruh tashkiliy yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbir Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yil 26-avgustda “Oʻzbekistonda oʻsmirlar va yoshlarning ruhiy salomatligi” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtgan edi. Unda yoshlarning ruhiy salomatligi masalasida manfaatdor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilgan edi.

    Tadbirda senatorlar, manfaatdor vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, jamoat tashkilotlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Unda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar va chora-tadbirlar, bilim va ilgʻor xalqaro tajribalar almashish, aholi, ayniqsa, oʻsmirlar va yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari va rivojlanish strategiyalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, 2019-yil fevral oyida dunyoning boshqa mamlakatlari kabi Oʻzbekiston ham aholiga koʻrsatiladigan ruhiy salomatlik xizmatini rivojlantirish, psixiatriya yordamidan foydalanish imkoniyatini, samaradorligi va sifatini oshirish, ruhiy kasalliklarning ijtimoiy-iqtisodiy yukini kamaytirish, shuningdek, koʻrsatilayotgan davolash-diagnostika va tibbiy-reabilitatsiya yordamidan aholining maksimal darajada qoniqishiga erishish sohasidagi chora-tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-fevraldagi “2019 – 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

    Butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham oʻsmirlar va yoshlar iqtisodiy, ijtimoiy, ruhiy kasalliklar, giyohvand moddalarni isteʼmol qilish, kiberijtimoiylashuv, taʼlim muassasalari va jamiyatda tamgʻa qoʻyish va yakkalab qoʻyish kabi koʻplab muammolarga duch kelyapti. Umuman olganda, hozirda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va ruhiy salomatlik, shu jumladan depressiya, tashvish va farovonlik oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatadigan muhim tadqiqotlar mavjud.

    Shu bilan birga, ruhiy salomatlik va jamiyatning ushbu muammolarga qiziqishini oshirish, ruhiy salomatlikka taʼsir koʻrsatuvchi muhitni oʻzgartirishda, ruhiy salomatlik tizimini mustahkamlashda barcha manfaatdor tomonlarning, ayniqsa, yoshlarning oʻzlari ishtirok etishi muhimligiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ijtimoiy himoya, bolalar va oʻsmirlarni himoya qilishning mavjud tizimlaridagi ayrim umumiy tarkibiy toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha bir qator chora-tadbirlarni oʻrganish va ishlab chiqish zarur.

    Tadbir yakunida, ishchi guruh aʼzolarining takliflari asosida 2023-yilga moʻljallangan Yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar rejasi loyihasini qabul qilishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.