Osteoartroz kasalligi qanday alomatlar bilan namoyon boʻladi?

    Salomatlik 24 May 2022 34176

    Osteoartrozning ilk belgilari qaysilar? Kasallik rivojlanish bosqichida qanday alomatlar bilan namoyon boʻladi? Bu paytda bemorlar nimalarga eʼtibor qaratishlari kerak?

    Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov shu xususdagi fikr-mulohazalari va tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.

    — Osteoartroz odatda asta-sekin rivojlanadi va bir boʻgʻimning shikastlanishi bilan boshlanadi, — deydi M.Irismetov. — Ammo maʼlum vaqt oʻtib, xasta boʻgʻimlar soni ortadi.

    Osteoartrozning ilk alomatlaridan biri — ogʻriq. U yurganda, egilganda, oʻtirganda va boshqa holatlarda yuzaga keladi.

    Misol uchun, bemor uzoq vaqt davomida oʻtirgach, oʻrnidan qoʻzgʻalib yurmoqchi boʻlsa, tizza yoki tos-son, yaʼni yuklama tushadigan boʻgʻimlarida ogʻriq sezadi. Soʻng uch-toʻrt qadam tashlagach, ahvoli yengillashib, odatdagiday harakatlanishda davom etadi.

    Biroq kechki mahal yana shu boʻgʻimlarida ogʻriq turadi. Yaʼni bemor kun davomida qancha koʻp yursa, harakatlansa, jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullansa yoki tik oyoqda tursa, bezovtalik shuncha kuchayadi.

    Oʻtirib-turish yoki egilish paytida qarsillash eshitiladi. Bemor salga charchab qoladi, harakati cheklanadi, boʻgʻimlar shakli oʻzgaradi va ayrim hollarda biroz shishishi kuzatiladi.

    Asta-sekin xastalik rivojlana boradi. Bunda har qanday harakat chidab boʻlmas darajada kuchli ogʻriqni keltirib chiqara boshlaydi. Shu tufayli yurish butunlay qiyinlashadi. Bemor bora-bora oʻrnidan turib, qadam bosolmay qoladi.

    Kasallikning kokartroz turida tos-chanoq boʻgʻimi shikastlanadi. Kasallik endi boshlanib kelayotganda kechqurunlari bemorning chov sohasida ogʻriq turadi.

    Bemor ogʻriqdan bezovtalanib, tuni bilan son-chanoq boʻgʻimini bukib-yozadi, ayniqsa, kasallangan tomoni bilan yotolmay qiynaladi. Vaqt oʻtgan sari son boʻgʻimining boʻshligʻi toraya boradi, son suyagi boshchasida qoʻshimcha suyaklar oʻsadi, shu tufayli harakat cheklanadi.

    Boʻgʻimlarda ogʻriq turishiga nafaqat suyaklarning ishqalanishi, balki qon aylanishi yetishmovchiligi va kislorod tanqisligi natijasida gipoksiya yuzaga kelishi ham sabab boʻladi.

    Mutaxassisi bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.