Shu kabi savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Umida Rustamova javob berdi.
— Osteoporozning ogʻir asoratlari qanday?
— Osteoporoz uzoq vaqt davomida asta-sekin rivojlanadi. Bemor buni sezmasligi ham mumkin. Suyaklarda zichlik maʼlum darajada kamaygach, ogʻriq boshlanadi.
Birinchi navbatda umurtqa pogʻonasi suyaklari zichligi kamayadi, baʼzan sinadi. Umurtqalarda sinish yuzaga kelgandan, keyingina bemor ogʻriq sezadi. Afsuski, bemorlar ogʻrik kuchaygandan keyingina vrachga murojaat qilishadi.
Kasallikning ogʻir asorati — suyaklarning sinib qolishi, ayniqsa, son suyagi boʻynining sinishidir. Bu holatda bemor yura olmaydi, yotib qoladi. Kamharakatlik kasallikni battar rivojlantiradi va yosh oʻtgach, bu hol nogironlikkacha olib boradi.
— Kasallikning davolash usullari qanday?
— Hozirgi kunda osteoporoz kasalligi asoratlari jarrohlik usulida davolanyapti. Hatto keksa bemorlarning son suyagi singanda, vaqtni oʻtkazmay operatsiya qilinadi. Ayrim hollarda singan suyak boshchasi olib tashlanib sunʼiy boʻgʻimlar qoʻyiladi.
Bemorlar zamonaviy tekshiruv usullari (masalan, suyak kasalliklarini tez aniqlovchi raqamli rentgen apparati)dan oʻtishlari lozim. Boshqa tekshiruvlar (densitometriya, ultratovushli va rentgenologik) usullar ham bor. 45-50 yoshdan keyin deyarli barcha ayollar bunday tekshiruvlardan oʻtib turganlari maʼqul.
— Osteporozning oldini olish uchun nimalar qilish kerak?
— Kasallikning oldini olish uchun toʻgʻri ovqatlanishga ahamiyat berish muhim. Baliq, tuxum, sariyogʻ, sut kabi mahsulotlarni, koʻkatlarni koʻproq isteʼmol qilish kerak. Koʻkatlardagi kaliy suyak toʻqimasi oqsili boʻlmish osteokalsin sinteziga yordam beradi.
Jismoniy mashqlarni bajarish, ayollarning raqs bilan shugʻullanishlari foyda beradi. Raqs harakatlari tana muvozanatini tiklaydi, yiqilish va suyak sinishi xavfidan asraydi. Tennis bilan shugʻullanish, koʻp piyoda yurish ham osteoporozning oldini oladi.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.