Maʼlumki, oʻzbekistonlik yarim himoyachi Oston Oʻrinov 2020-yilning fevralida Rossiya Premyer-ligasining “Ufa” klubiga oʻtgan edi. Oʻsha mavsum oxirida uni Moskvaning “Spartak” klubi sotib olgani va unga yillik 600 ming yevro maosh tayinlangani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin Oston moskvaliklar safida deyarli maydonga tushmadi va “Ufa”da ijara asosida faoliyatini davom ettirdi.
Rossiyaning Championat.com sayti tarqatgan xabarga koʻra, ayni kunlarda Moskva viloyatining “Ximki” klubi O. Oʻrinov bilan muzokara oʻtkazmoqda. “Ximki” yarim himoyachini “Spartak”dan ijaraga olish imkoniyatlarini koʻrib chiqyapti. Agar “Spartak” futbolchi bilan kelishuvni bekor qilsa, Oston erkin agent sifatida “Ximki”ning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi.