Oston Oʻrinovning jamoasi RPLni tark etmoqchi

    Bu haqda kecha jamoa xoʻjayini maʼlum qildi.

    Moskvaning “Spartak” klubi egasi Leonid Fedun kecha “Spartak” – “Sochi” jamoalari oʻyinidan soʻng shunday fikrni bildirdi. Fedunning aytishicha, oʻyindagi hisob hakamlar tomonidan oldindan hal qilib qoʻyilgan. “Ertagayoq chempionatdan chiqib ketishimizni eʼlon qilaman. Yaxshisi bizsiz oʻynaverishsin. Men bunaqa masxarabozlikda ishtirok etishni istamayman. Buning uchun pul sarflamoqchi ham emasman. “Spartak” bu turnir uchun kerak emasmi, mayli kerak emas”, dedi u “Match TV” efirida.

    Maʼlumot uchun aytish lozimki, uchrashuvni hujumkor boshlagan moskvaliklar Aleksadr Sobolev va Jordan Larsonning gollari hisobiga oldinga chiqib olgan edi. Mehmonlar esa 15 va 90-daqiqada penaltidan ikkita gol urib magʻlubiyatdan qutilib qolishdi. Bahs yakunidagi shubhali penalti mezbonlar rahbarining noroziligiga sabab boʻldi.

    Eslatib oʻtamiz, “Spartik” yaqinda “Ufa” klubidan hamyurtimiz Oston Oʻrinovni sotib olgan edi.