Ota farzandini onasiga bermaslik uchun shkafga yashirib qoʻydi

    Fargʻona viloyatida ota MIB davlat ijrochilariga har xil bahonalar bilan farzandini onasiga berishdan bosh tortib, bolani yashirib kelishgan.

    Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, fuqarolar А.Т. va М.Т. lar oʻzaro oilaviy kelishmovchilik sabab, А.Т.ning ayoli uydan chiqib ketadi. Ularning 2018-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan А.Y. farzandi otasi bilan qoladi. Ammo fuqaro А.Т. MIB davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga voyaga yetmagan bolani onasiga ixtiyoriy ravishda topshirish toʻgʻrisida ogohlantirish xatlari yuborilgan boʻlsada, qarzdor va uning oila aʼzolari har xil bahonalar bilan farzandni onasiga berishdan bosh tortgan va bolani yashirib yurishgan.

    Shundan soʻng, Fuqarolik ishlari boʻyicha Margʻilon tumanlararo sudining daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi hujjatiga asosan qarzdor А.Т.dan undiruvchi М.Т.ga 2018-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan А.Y. onasi tarbiyasiga olib berish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Margʻilon shahar boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan.

    Davlat ijrochilarining harakatlari natijasida bola shu yilning 17-iyul kuni tongi soat 06:00 larda qarzdorning yashash xonadonida shkaf ichida yashiringan holatda topilib, shu zahoti onasiga olib berildi.