Ota-ona qaramogʻisiz qolgan 3 nafar bola RFdan Oʻzbekistonga qaytarildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Aprel 2025 624

    Moskva shahridagi “Altu­fyevo“ ijtimoiy-reabilitatsiya markazi xodimlari hamrohligida Oʻzbekistonga uch nafar voyaga yetmagan fuqaro qaytarildi.

    Ijtimoiy himoya agentligining xabar berishicha, ushbu tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi oʻrtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi.

    Toshkent shahar IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida bolalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va psixologik yordam koʻrsatish ishlari tezkor tarzda yoʻlga qoʻyildi.

    “Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bolalarning yaqin qarindoshlari aniqlab, ularni oila bagʻriga qaytarish boʻyicha tegishli choralar koʻrildi.

    Maʼlumot uchun: 2024–yildan hozirgi vaqtga qadar 40 nafardan ortiq voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarolari respublikaga olib kelinib, oilaviy muhitga qaytarildi.