A.Avloniy milliy-tadqiqot instituti tomonidan “Mobil telefon – oʻquvchiga doʻstmi yoki dushman?” mavzusida soʻrovnoma tashkil qilingan edi. 10 kun muddat davomida 95 400 nafardan ortiq foydalanuvchi soʻrovnoma savollari bilan yaqindan tanishib, ulardan 21 400 nafari ovoz behgan.
Coʻrovnoma natijalari shuni koʻrsatdiki, birinchi savol boʻyicha “Qoʻngʻiroqlar, xabarlar, ijtimoiy tarmoq, oʻyin va boshqalar oʻquvchilarning fikru-xayolini darsdan chalgʻitadi” degan javob 52% ovoz bilan eng yuqori koʻrsatkichni qayd etgan.
Juda koʻpchilik oʻqituvchilar, ota-onalar ushbu fikrni tasdiqlashmoqda. Eng kam koʻrsatkichni esa 16% ovoz bilan “Telefondan foydalanish madaniyatiga rioya qilinsa, darslarga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi”, deya baʼzi oʻqituvchilar, ota-onalar taʼkidlashmoqda. Farzandingizning mobil telefonini qancha muddatda tekshirib turasiz? – deya ota-onalardan fikrlari soʻralganda, ularning 59 foizi farzandining mobil telefonini har kuni tekshirishini, 24 foizi umuman tekshirmasligini va 17 foizi esa har haftada tekshirib turishini bildirgan.
Soʻrovnomaning navbatdagi savolida eng yuqori koʻrsatkich 63% boʻlib, unda oʻquvchilarning koʻpchiligini Internet(YouTube, Tik tok, Telegram va boshqalar)ning shaydosi boʻlib qolayotganini yana bir bor isbotini koʻrish mumkin. Ushbu savoldagi eng kam ovoz 24% koʻrsatkich bilan “Faqat dars tayyorlash, sinf mashgʻulotlari uchun ishlatishmoqda” deya qayd qilinmoqda.
Bundan koʻrinib turibdiki, bugungi kunning ayrim oʻquvchilarida bilim olish oxirgi oʻringa tushib qolmoqda. Soʻrovnomaning soʻnggi savoli yuzasidan tahlillar shuni koʻrsatadiki, oʻqituvchilar, ota-onalardan fikr soʻralganda ular bir ovozdan 84% ovoz bilan qoʻshilishini, 13 foizi qoʻshilmasligini va 3 foizi esa farqi yoʻq ekanligini taʼkidlashdi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, bugungi kun 21 asr yangi texnika va texnologiyalar zamonidir. Shu sababli oʻquvchilarda mobil aloqa vositalaridan foydali maqsadlarda, unumli foydalanish koʻnikmasini shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi.
Ota-onalar va oʻqituvchilarning fikridan ham bilish mumkinki, oʻquvchilar kamdan-kam hollarda gadjetlardan oʻquv maqsadlarida foydalanishmoqda. Buning salbiy oqibatlaridan biri shundaki, oʻquvchilar real olamdan uzilib qolishi va ijtimoiylashuv jarayonida katta muammolarga duch kelishi mumkin.
Hoʻsh, nima sababdan oʻquvchilar dars jarayonida gadjet, jumladan, mobil telefonlar orqali oʻzlari uchun foydasidan koʻra zarari koʻp boʻlgan kontentlarni tomosha qilish, turli inson ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan oʻyinlarni oʻynash va bekorchi xabar, muloqotlarga qimmatli vaqtini sarflamoqda?
Vaholangki, darsdan asosiy maqsad ilm olish, oʻzligini anglash, ijtimoy hayotda kerak boʻladigan amaliy koʻnikmalarni egallash emasmi? Soʻrovnomada ishtirok etgan ota-onalarning 76 foizi har kuni yoki har haftada farzandining qoʻl telefonini tekshirib turishini aytishgan boʻlsa-da, yuqorida aytilgan salbiy oqibatlarning mavjudligini ota-onalarning oʻzlari oʻqituvchilar bilan birga tasdiqlashmoqda. Shuningdek, ota-onalarning 24 foizi farzandining qoʻl telefonini umuman nazorat qilmasligi jiddiy muammo hisoblanadi.