Ota oʻz farzandini 5 000 dollarga pullayotgan vaqtida ushlandi

    Xavfsizlik 15 Oktabr 2020 1068

    Surxondaryo viloyati Denov tumanida oʻz bolasini sotmoqchi boʻlgan... ota qoʻlga olindi.

    6-oktyabr soat 15:00 da Surxondaryo viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Denov tumani “Shaxrinav” mahallasida yashovchi 28 yoshli fuqaro, Termiz shahrida joylashgan restoranlarning biridagi shartli mijozga 2 yoshli farzandini 2 500 dollar va 24 250 000 soʻm evaziga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

    Tadbir jarayonida, ushbu fuqarodan kimyoviy ishlov berilgan 2 500 dollar va 24 250 000 soʻm pullar, voyaga yetmagan farzandning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va ushbu shaxsning farzandini oʻz xohishi bilan sotganligi boʻyicha yozib bergan tilxati xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Termiz shahri boʻyicha IIO FMB 2-sonli IIB Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi, oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Jinoyat ishi boʻyicha farzandini sotmoqchi boʻlgan shaxs protsessual tartibda ushlanib, unga JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.