Ota oʻz qiziga turli shaklda zoʻravonlik qilgan. Holatni Bolalar ombudsmani nazoratga oldi

    Bolalar ombudsmani kotibiyatiga ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻsmir qiz oʻz otasi tomonidan turli shakldagi zoʻravonlikka uchraganligi haqida gapirayotganligi aks etgan video kelib tushdi.

    Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi.

    Qizning murojaatiga koʻra, 2008-yilda tugʻilgan M.Sh. (qiz bola) va 2010-yilda tugʻilgan N.Sh. (qiz bola) larning onasi 2018-yilda vafot etgan.

    Qiz onasining oʻlimidan soʻng, otasi N.R. unga nisbatan turli uyatsiz-buzuq harakatlar, shilqimliklar qilib, bir necha yil davomida muttasil kaltaklab ham kelganligi, turli haqoratlar bilan uning shaʼni-qadr qimmatini poymol qilganligini bildirgan.

    M.Sh. va N.Sh. bir necha marotaba uydan chiqib ketganligi sababli buvisi N.L. nevaralari bedarak yoʻqolgani haqida bergan arizasiga koʻra hamda voyaga yetmagan M.Sh. va N.Sh. larning otasi N.R.ning harakatlariga huquqiy baho berish uchun mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.

    Hozirda voyaga yetmagan M.Sh. va N.Sh.lar ijtimoiy-huquqiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlganligi sababli, Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirilgan va ularga zaruriy koʻmak koʻrsatilmoqda.

    Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.