Bugun Assambleyadan bir kun avval anʼanaga koʻra 74-Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot rahbariyatining yangi tarkibi va Ijroiya qoʻmitasiga aʼzolar saylandi.

OOK Konstitutsiyasida (qoidalarni qoʻllash, 71 va 76-moddalariga asosan) 5 yirik kompleks musobaqalarga mezbon mamlakat OOK vitse-prezidenti lavozimiga nomzod koʻrsatish huquqiga ega boʻlishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston 2025-yil IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qilishi evaziga birinchi marta oʻz vakilini sayyoramizning eng yirik qitʼasida olimpiya harakatiga masʼul boʻlgan tashkilot rahbariyatiga nomzod sifatida taklif etish imkoniga ega boʻldi.

Mazkur nufuzli anjumanning biz uchun eʼtiborli jihati, OOK vitse-prezidentligiga nomzodlar qatorida hamyurtimiz, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov ham bor edi.

10-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Ijroiya qoʻmitasining navbatdan tashqari onlayn yigʻilishida Otabek Umarovni mamlakatimiz nomidan OOK vitse-prezidentligiga nomzod sifatida tavsiya etishga qaror qilingandi. Bugun boʻlib oʻtgan Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan maʼqullandi va Otabek Muhammadilevich tashkilot vitse-prezidenti etib rasman saylandi.
“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga oʻz minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qitʼada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qoʻshish men uchun sharaf. Toshkentda oʻtadigan 2025-yilgi yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish Yangi Oʻzbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va gʻayratimizni ishga solamiz», – dedi Otabek Umarov.

Ertaga, 16-dekabr kuni Maskatda Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda Otabek Umarov rasman OOK vitse-prezidenti sifatida ishtirok etadi. Yanada ahamiyatlisi, Assambleya doirasida OOK va Oʻzbekiston tomoni oʻrtasida 2025-yil yoshlar Osiyo oʻyinlarini Toshkentda oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzolash marosimi boʻlib oʻtadi.
OOK Bosh Assambleyasi yigʻilishida Oʻzbekiston nomidan Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, qoʻmita Bosh kotibi, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari direktori O.Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosarlari S.Polatov, A.Kamilov, shuningdek, MOQ raisi maslahatchilari I.Shodiyev va Sh.Asatullayevlar ishtirok etishmoqda.