Otalar bolam deb yonib o'tganlar...

    “Agar adolatsizlik boʻlmaganida, bugun Sherali Joʻrayev yonimizda boʻlardi”

    Har bir inson oʻzining dunyoga kelishiga sababchi boʻlgan ulugʻ zot, oiladek muqaddas qoʻrgʻonning baquvvat ustuni boʻlgan otasi bilan faxrlanishni, unga munosib voris boʻlishni istaydi. Yaratganga shukrki, el ardoqlagan bir insonning farzandi arjumandi boʻlish, uning yoʻlidan borish bizga nasib etdi. Toʻgʻri, otamizning boshidan koʻp ogʻir sinovlar oʻtdi, ularning ortidan xastalandi. Biroq sabrning tagi sara oltin deganlaridek, ogʻir kunlarning, chekilgan dardlarning mukofotini koʻrdi otamiz.

    Prezidentimizga Andijondagi yigʻilishda aytganimdek, Sherali Joʻrayev 25-yilga yaqin taqiqda yashadi. Katta sahnalarga, davlat tadbirlariga, yakkaxon konsert qoʻyishi, televideniye, radioda chiqishiga toʻsqinliklar boʻlib, shuncha yillik umri zoye ketdi. Tarix uchun qisqa bu muddatda bir yigit tugʻilib, navqiron yoshga yetadi. Chorak asr sahnani sogʻinib yashashning oʻzi boʻlmaydi. Chindan ham biz aqlimizni taniganimizdan beri har yili Mustaqillik bayramini tomosha qilayotib, otamiz chiqarmikin, “Oʻzbegim”ni aytarmikin deb kutardik. Otam aytganlaridek, Yaratgan dorilomon kunlarga ham yetkazdi.

    Shavkat Mirziyoyevning “Agar adolatsizlik boʻlmaganida, bugun Sherali Joʻrayev yonimizda boʻlardi”, degan gaplarining oʻzi otamizga berilgan eng yuksak baho boʻldi.

    Andijondagi sanʼat maktabiga padari buzrukvorimiz nomini berish haqida aytganlarida, ich-ichimdan toʻlqinlanib, benihoya xursand boʻlib ketdim. Hamma bu taklifni qoʻllab-quvvatlagani, oʻrnidan turib olqishlaganidan boshimiz koʻkka yetdi. Ilohim, otamning ruhlari ham shod boʻlgan boʻlsin.

    Demak, otamiz tugʻilgan zamin — Andijonda endi uning nomi abadiy, munosib izdoshlari qalbida yashaydi. Zero, endilikda sanʼat maktabi Musiqa va sanʼat kollejiga aylantirilib, bu yerda grant asosida zamonaviy kadrlar tayyorlanadi. Nasib qilsa, bu kollej Sherali Joʻrayev oʻzi niyat qilganlaridek, maqom sanʼati va adabiyotga juda katta eʼtibor qaratiladi. Yoshlar oʻzbek milliy maqomlarini puxta oʻrganib, yetuk sanʼat vakillari boʻlib yetishishiga xizmat qiladi. Yangi oʻquv binosi, yotoqxona va boshqa zarur obyektlar barpo etilishidan tashqari, Sherali Joʻrayevning byusti oʻrnatilishi oilamizga boʻlgan yuksak hurmat ifodasi deb bilaman.

    Otam men va ukamga shunday katta bir maktabni qoldirib ketdi. Nasib qilsa, otamizning ruhlari shod boʻlishi uchun ham u kishining qoʻshiqlarini hech qayerini buzmasdan, otam qanday ijro etgan boʻlsalar oʻshanday ijro etib, zamonga monand yanada goʻzallashtirib el ichra yashashi uchun biz aka-uka Joʻrayevlar tomonidan ijro etib yurilishini oʻzimizning farzandlik burchimiz deb bilamiz. Umuman olganda, bugungi kunda, Yangi Oʻzbekistonda Sherali Joʻrayev va uning noyob sanʼatiga boʻlayotgan yuksak eʼtibordan tilimda beixtiyor shu satrlar aylandi:

    Otalar bolam, deb yonib oʻtganlar,

    Elni bizdan koʻproq sevib oʻtganlar.

    Siz bitta uy qurib saranjom qiling,

    Elning otasiga oson tutganlar.

    Shoh Jahon JOʻRAYEV