Bu haqda “Milliy” telekanali maʼlum qildi.
Mirabbos Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentyabr kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. U teleradio sohasidagi ijodiy faoliyatini bundan 60-yil avval — 1965-yilda boshlagan.
Uning boy va sermahsul merosi orasida “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Dunyoning ishlari”, “Inson sadoqati”, “Billur qandillar”, “Eʼtirof” kabi ellikdan ortiq videofilmlar, shuningdek, “Buni hayot deydilar” turkumiga kiruvchi koʻrsatuvlar alohida oʻrin tutadi.
Yarim asrdan ziyod vaqt davomida efirga uzatiladigan “Otalar soʻzi — aqlning koʻzi” loyihasi orqali ezgulik gʻoyalarini ilgari surish, milliy oilaviy qadriyatlarni targʻib etish va yosh avlodga axloq-odob meʼyorlarini singdirish yoʻlida ulkan mehnat qildi. Uning xalqchil uslubi va samimiy mulohazalari tomoshabinlar mehri va hurmatiga sazovor etgan.
Fidokorona xizmati uchun Mirabbos Mirzaahmedov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Ustoz umrining soʻnggi toʻqqiz yili davomida “Milliy” telekanalida efirga uzatiladigan “Otalar soʻzi” dasturining boshlovchisi va badiiy maslahatchisi sifatida samarali faoliyat yuritib keldi.
Mirabbos Mirzaahmedovning bebaho ijodiy saboqlari va hayotiy oʻgitlari shogirdlari, hamkasblari va millionlab tomoshabinlar dillarida oʻchmas iz qoldirdi.








