Otalik huquqidan mahrum qilindi

    Ijtimoiy hayot 29 Iyul 2021 3978

    Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi To‘lqin Djalilovni farzandlariga nisbatan otalik huquqidan mahrum qildi.

    Nodira Fayzieva va To‘lqin Djalilovlar (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) 2004-yilda qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurishgan.

    Ularning birgalikda turmushlaridan ikki nafar farzandlari bor.

    Taraflar o‘zaro kelishmovchiliklar sababli 2016-yildan buyon birga yashamaydi va umumiy ro‘zg‘or yuritmaydi.

    Sudning buyrug‘i bilan To‘lqindan Nodiraning foydasiga ikki nafar farzandining ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan.

    Otalik vazifasini unutgan To‘lqinning aliment to‘lovidan qarzi 28 021 013 so‘mni tashkil qilgan.

    Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning hukmi bilan To‘lqinga nisbatan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganligi uchun bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

    Sud da’vogarning da’vo talabini muhokama qilib, voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatidan kelib chiqqan holda, taraflar 5 yildan ortiq vaqt davomida birga yashamaganliklarini, To‘lqin shu o‘tgan vaqt oralig‘ida farzandlaridan xabar olmaganligini, otalik burchlarini uzluksiz ravishda bajarmaganligini, o‘z bolalariga qanday bo‘lmasin g‘amxo‘rlik qilmaganligini, ularga moddiy ta’minot uchun aliment to‘lamaganligini, aliment to‘lamaganligi sababli jinoiy javobgarlikga tortilgan bo‘lsada, shunda ham aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganligini inobatga olib, Nodiraning da’vo talabini qanoatlantirib, To‘lqinni farzandlariga nisbatan otalik huquqidan mahrum qilishni lozim deb topdi.

    G‘ayrat Usanov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi sudyasi