2020 yilning 7-dekabr` kuni Grin Metrik dunyo universitetlari reytingi ya'ni “UI GreenMetric World University Ranking” xalqaro reytingining natijalari e'lon qilindi. “UI GreenMetric World University Ranking” — Yashil universitetlarning global reytingi bo'lib,  Indoneziya universiteti ((UI) tomonidan 2010 yilda tuzilgan. Reyting asoschilari ba'zi ekologik muammolarni hal qilishda ilmiy jamoatchilik e'tiborini atrof-muhitni barqaror rivojlantirish siyosati zarurligiga jalb qilishga intilganlar. Asosiy reyting mezonlari energiya iste'molini tejash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni saqlash va qayta ishlash, ekologik toza transport vositalaridan foydalanish, kampusdagi yashil hududlarning maydoni kabi ko'rsatkichlarni o'z ichiga oladi.  Reytingda ushbu sohada olib borilayotgan o'quv va ilmiy faoliyat ko'rsatkichlariga katta e'tibor beriladi.

Joriy yil ushbu reytingga O'zbekistondan Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy Universiteti va Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo'jaligi instituti qatnashdi. 2020 yilda “UI GreenMetric World University Ranking” xalqaro reyting natijalariga ko'ra, dunyo bo'yicha 84 ta mamlakatning 921 ta universitetlari orasidan O'zbekiston Milliy Universiteti 353 o'rinni Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo'jaligi instituti esa 621 o'rinni egalladi. 2019 yilda mazkur reytingga faqatgina Milliy universitet qatnashib, 780 ta universitet orasidan 374-o'ringa sazovor bo'lgan edi. Bu yilgi reyting ko'rsatkichi 2019 yilga nisbatan 21 pog'ona yuqorida bo'ldi.

Raima SHIRINOVA,

O'zbekiston Milliy Universitetining xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori