OTB Oʻzbekistonga avtomagistrallarni rekonstruksiya qilish uchun 274,2 mln dollar ajratdi

    Dolzarb 2 Sentabr 2020 658

    Oʻzbekistondagi Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu magistrali uchastkasi ikki polosali sement-beton yoʻlga aylantiriladi.

    Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonning gʻarbiy qismidagi avtomagistrallarni rekonstruksiya qilish uchun 274,2 mln dollar ajratdi.

    “Bugun Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida 240 km avtomagistral yoʻllarni rekonstruksiya qilish uchun 274,2 mln dollar miqdorida qarz mablagʻlari ajratilishini maʼqulladi”, - deyiladi bank xabarida.

    Taʼkidlanishicha, mabagʻlar Qoraqalpogʻistondagi A-380 avtomagistralining 240 kilometrlik uchastkasini taʼmirlashga yoʻnaltiriladi. Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu magistrali uchastkasi ikki polosali sement-beton yoʻlga aylantiriladi.

    Bundan tashqari, bank Transport vazirligiga Toshkent-Namangan yoʻlining 100 kilometrida intellektual transport tizimini oʻrnatishga yordam beradi. Tizim tablo va veb-saytlarga axborotni va ogohlantirishlarni uzatgan holda real vaqt rejimida harakatni va yoʻl sharoitlarini kuzatadi.

    “OTB avtoyoʻllar tarmogʻi hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan Oʻzbekistondagi avtomobil va temir yoʻl transporti infratuzilmasiga 1,3 mlrd dollar miqdorida investitsiya kiritgan”, - deyilgan xabarda.