Bugungi kunda aholini sifatli goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlash, chorva mollarining naslini yaxshilash orqali ularning mahsuldorlik koʻrsatkichlarini oshirish qishloq xoʻjaligidagi dolzarb masalalardan biri boʻlib, bu borada fermer xoʻjaliklariga chet davlatlaridan naslli hayvonlarni olib kelish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi “Naslli mahsulot (material)ni eksport va import qilish tartibi toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida, Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan doimiy nazorat oʻrnatilgan.
Chet davlatlaridan olib kelingan naslli mollar tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi tomonidan oʻz vaqtida karantinga qoʻyilib, karantin davrida tegishli veterinariya-sanitariya tadbirlari oʻtkazilishi taʼminlanmoqda. Natijada chet davlatlaridan hayvonlar va insonlar uchun umumiy boʻlgan yuqumli kasalliklarning tarqab ketishi oldi olinmoqda.
Shuningdek, olib kelingan naslli mollarni karantin muddati tugaganidan soʻng “Oʻzbekchorvanasl” markazi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda davlat roʻyxatiga kiritib borilishini taʼminlash maqsadida, Inspeksiya xodimlari tomonidan doimiy ravishda profilaktik va nazorat tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda.
2022-yil yanvar oyida Urgut tumanidagi “Urgut Nasil Chorva” fermer xoʻjaligiga Fransiya davlatidan 32 bosh “Montbelliard” zotiga mansub naslli qoramol olib kelindi.
Samarqand viloyatiga 2021-yilda chet davlatlaridan 1 510 bosh simmental, “Golshtin”, qora-ola zotlariga mansub naslli qoramollar olib kelinib, tegishli tartibda karantinga qoʻyilgan va davlat roʻyxatiga olingan.
Jumladan, 2021-yilda Paxtachi tumanidagi “Shamsi nur chorva” fermer xoʻjaligiga Vengriya davlatidan 32 bosh, Pastdargʻom tumanidagi “Doʻstmurod chorva mollari” fermer xoʻjaligiga Germaniya davlatidan 31 bosh, Jomboy tumanidagi “Puremilky Products” fermer xoʻjaligiga Vengriya davlatidan 225 bosh, “Sherboyev Murodullo chorvasi” fermer xoʻjaligiga Estoniya davlatidan 57 bosh, Ishtixon tumanidagi “Qilichev Baxrom” fermer xoʻjaligiga Avstriya davlatidan 186 bosh, “Ziroatxon Asilzoda” fermer xoʻjaligiga Vengriya davlatidan 31 bosh hamda Toyloq tumanidagi “Siyob Shavkat Orzu” fermer xoʻjaligiga Vengriya davlatidan 461 bosh naslli qoramollar olib kelingan.
Bundan tashqari, 2021-yilda viloyatga chet davlatlaridan jami 6 ming 287 bosh, shundan Toyloq tumanidagi “Akmal Toshpoʻlatovich” fermer xoʻjaligiga Ukraina davlatidan 72 bosh, Urgut tumanidagi “Urgut Agro Vet Servis” MCHJ ga Qozogʻiston davlatidan 530 bosh, Jomboy tumanidagi “Sherboyev Murodullo chorvasi” fermer xoʻjaligiga Qozogʻistondan 213 bosh, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Said bobo” fermer xoʻjaligiga 294 bosh, Nurobod tumanidagi “Samarqand Milk Agrofirmasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Qozogʻistondan 989 bosh, Oqdaryo tumanidagi “Rustam Halol Baraka 21” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Rossiya davlatidan 120 bosh hamda Samarqand shahridagi “Vermont Lux” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 250 bosh goʻsht yoʻnalishidagi (boʻrdoqiga boqish uchun) qoramollar olib kelingan.
Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʻyicha inspektorlari tomonidan 2021-yilda jami 1 748 ta nazorat tadbirlari, shundan 52 ta tekshirish oʻtkazilgan boʻlib, 400 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan 296 ta yozma koʻrsatma, 1 348 ta ogohlantirish hamda 14 ta taqdimnoma kiritilgan, 56 ta maʼmuriy qaror qabul qilingan va qonuniy qaror qabul qilish uchun sudlarga 34 ta hujjat yuborilgan.
Ulugʻbek Yaxshimurodov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi
Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori