Xususan, sogʻliqni saqlash tizimiga qaratilgan eʼtibor, aynan, bolalar salomatligini saqlash sohasini rivojlantirish yoʻlidagi amaliy chora tadbirlarga koʻra, davolash qiyin boʻlgan yurak xastaliklari bilan ogʻrigan bolalarning ham salomatligi tiklanyapti.

Bugungi kunda yuqori tibbiy texnologiyalar asosida yurtimizdagi oʻnta tibbiyot muassasasida bolalar kardiojarrohligi operatsiyalari oʻtkazilmoqda.

Raqamlarga eʼtibor bersak soha qanchalik taraqqiy etayotganini anglash qiyin emas. Jumladan, 2016-yil 1 ming 447 ta kardiojarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan boʻlsa, 2019-yil 2 ming 285 ta, 2020-yil esa 2 ming 315 ta ana shunday murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.

Neyrosensor kar yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operatsiyalar oʻtkazish boʻyicha 2016-yilda faqatgina 150 nafar bola qamrab olingan boʻlsa, 2018-yildan 239 nafar, 2019-yil 320 nafar, oʻtgan yil esa 225 nafar zaif eshitadigan bemor bolalarda operatsiya amalga oshirildi.

Davlat dasturiga binoan esa joriy yil ham yana 200 nafardan ortiq bemorlarda ham ayni shunday jarrohlik amaliyoti oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, yildan-yilga eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini yurtimizda amalga oshirish imkoni va salmogʻi ortib bormoqda. Bu esa aholini oʻz farzandlarini davolatish uchun katta mablagʻ sarflab, xorijiy mamlakatlarda sarson sargardon boʻlishini oldini olmoqda. Shuningdek, bu mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimi taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.