Oʻtgan yili eng koʻp murojaat taʼlim sohasidagi holatlardan kelib tushgan — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

    2023-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga jami 3 545 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Agentlik axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, murojaatlarning eng koʻpi, yaʼni 511 tasi taʼlim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha; 406 tasi sud qarorlaridan noroziliklar; 301 tasi davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilishi holatlari boʻyicha murojaatlardir.

    Agentlik tomonidan davlat xaridlari, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish yoʻnalishlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 ta taqdimnoma, javobgarlik masalasini hal qilish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 ta soʻrovnoma yuborildi.

    Yuborilgan soʻrovnomalar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi va 96 ta maʼmuriy ishlar qoʻzgʻatildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

    Oʻtgan yili amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlardan soʻng 90 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.