Oʻtgan yili yoʻl-transport hodisasi oqibatida 2 203 nafar fuqaro halok boʻlgan

    2024-yili 9 364 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, 8 901 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 203 nafar fuqaro halok boʻlgan.

    Bu haqda 26-fevral kuni Senatda oʻtgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida Ichki ishlar vazirligi masʼullar axborotida aytib oʻtildi.

    Qayd etilishicha, avtomobil yoʻllarida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalari soni, unda jarohatlanganlar va vafot etganlar soni 2023-yilga nisbatan kamayishga erishilgan boʻlsada, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat hali ham toʻliq va samarali oʻrnatilmagan.

    Yoʻl-transport hodisalarining 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yoʻl bermaslik hamda 22,8 foizi belgilangan tezlikka, 3,7 foizi uxlab qolishi va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan.

    Respublika hududida shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashuvchi avtobuslarni nazorat qilish boʻyicha oʻtkazilgan maxsus reyd tadbirlarida avtobusni mast holda boshqarish bilan bogʻliq 61 ta holat aniqlangan.

    Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Qoʻmitaning aniq taklif va tavsiyalari aks ettirilgan tegishli qarori qabul qilindi.