OTM davlat grantiga qabul koʻrsatkichlari 25 foizga oshiriladi

    Ta'lim 8 Iyun 2021 1081

    Bugun 8-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

    Qonun loyihasi bilan ijtimoiy-iktisodiy vaziyatdan kelib chiqib, ijrosini kechiktirib boʻlmaydigan muhim loyihalarga zarur mablagʻlar ajratish orqali ularni amalga oshirish maqsadida davlat byudjeti parametrlariga ayrim oʻzgartishlar kiritilmoqda, deya xabar beradi OʻzA.

    Taʼkidlanishicha, mazkur oʻzgartishlar natijasida 2021/2022 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalariga davlat grantida qabul koʻrsatkichlari 25 foizga oshiriladi, ehtiyojmand oilalar qizlariga ajratiladigan grantlar 2 barobarga koʻpaytirilib, ular 2 mingtaga yetkaziladi.

    Qonun loyihasi bilan olis hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining va davolash tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratish yoʻlga qoʻyiladi hamda byudjetdan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilib, endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi.