Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qoʻqon shahridagi banklardan birining mutaxassisi oʻzganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, uning oʻgʻlini Qoʻqon davlat pedagogika institutiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ushbu pul mablagʻini mazkur oliy taʼlim muassasasida dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Fargʻona shahridagi xususiy universitet direktorining oʻrinbosari muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmasdan, aksincha, fuqaroning Qirgʻiz Respublikasi Oʻsh davlat pedagogika universitetidagi oʻqishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga koʻchirib berish evaziga 2,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Urganch tumanida yashovchi, 1998-y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Urganch davlat universitetining Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.