OTMga o'qishga topshirishda qanday hujjatlar kerak bo'ladi?

    Ta'lim 27 May 2023 3632

    Abiturientdan qo'shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

    Qonunchilikka ko'ra, abiturientlar oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo'yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YAIDXP (my.gov.uz) orqali ro'yxatdan o'tadi.

    Imtiyozga ega abiturientlar, shuningdek, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar va pasport yoshiga etmaganlar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Markazlarga murojaat etadi.

    Abiturient o'zi kelib murojaat etgan taqdirda, Markaz xodimi abiturient nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda so'rovnoma bo'yicha ma'lumotlarni Davlat test markazining tizimiga maxsus dastur orqali elektron ravishda kiritadi.

    Markaz xodimi tomonidan so'rovnomaga tegishli ma'lumotlar kiritilishi uchun abiturient Markaz xodimiga quyidagi hujjatlarning asl nusxasini taqdim etadi:

    fuqarolik pasporti (ichki ishlar bo'limlari tomonidan berilgan 09-shakl bo'yicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami ko'rsatilgan ma'lumotnoma);

    pasport yoshiga etmaganlar uchun tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma; umumiy o'rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);

    Prezidentning hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega bo'lgan abiturientlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat.

    Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so'ng so'rovnomaga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish qat'iyan man etiladi.

    Abiturientdan qo'shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.