Loyihaga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifatini oshirish boʻyicha oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishdagi erkinlik darajasini yana-da kengaytirish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
a) oliy taʼlim tashkilotlari quyidagi taʼlim dasturlari, shu jumladan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Taʼlim inspeksiyasidan ekspertizadan oʻtkazilgan namunaviy oliy taʼlim dasturlari;
oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy xulosasiga ega boʻlgan taʼlim dasturlari;
xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytinglarining barchasida bir vaqtda birinchi 1 000 ta oʻrinni egallagan, roʻyxati Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Taʼlim inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadigan oliy taʼlim tashkilotlarining akkreditatsiyalangan taʼlim dasturlari.
Belgilanishicha, tegishli taʼlim dasturi boʻyicha oʻqitishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik, axborot va oʻquv-uslubiy bazalarga, pedagog kadrlarga, taʼlim hajmi va mazmuniga hamda boshqa talablarga rioya etilishi ularni joriy etishning asosiy sharti hisoblanadi.
b) davlat oliy taʼlim muassasalarining taʼlim faoliyatini litsenziyalash tartibi joriy qilinadi va Taʼlim inspeksiyasidan belgilangan tartibda litsenziya olgan davlat oliy taʼlim muassasalari taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladi, davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan amalda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari taʼlim faoliyati attestatsiyadan oʻtkazilmagan holda toʻgʻridan-toʻgʻri litsenziyalanadi;
v) davlat oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarini, shuningdek, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarini davlat mulki boʻlgan bino va inshootlarni foydalanish huquqi asosida bergan holda yoki boshqaruv va xavf-xatarlar bilan bogʻliq javobgarlikning bir qismini davlat tomonidan kafolatlanishi orqali tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Taʼlim inspeksiyasi bilan majburiy tartibda kelishiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;
g) yangi tashkil etiladigan oliy taʼlim tashkilotlariga ular Taʼlim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan hamda “Oliy taʼlim faoliyati bilan shugʻullanadigan tashkilotlar reyestri”ga kiritilganidan soʻnggina taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsat etiladi.