Partiya faollari, deputatlar, oʻqituvchilar, madaniyat xodimlari, partiyaning gʻoya va maqsadlariga xayrixoh yoshlar hamda mahalla vakillari ishtirok etgan uchrashuvni Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi oʻrinbosari Umid Sulaymonov boshqardi va saylovchilarni saylovda faol ishtirok etishi, oʻzi xohlagan nomzodga ovoz berishi har bir fuqaroning konstitutsion huquqi ekanligini taʼkidlab, tobora yaqinlashayotgan saylov kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi nomzodini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Yigʻilganlarga nomzodning tarjimayi holiga oid hujjatli film namoyish etildi.
Shundan keyin Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov ishtirokchilarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. U, avvalo, Surxondaryoda keyingi besh yilda amalga oshirilgan ulkan oʻzgarishlar haqida toʻxtalib, azal-azaldan mamlakat taraqqiyotida surxondaryolik allomalar hamda buyuk shaxslarning xizmati singanini iftixor bilan gapirdi. U oʻz dasturida xalq taʼlimi tizimidagi islohotlarning uzviy davomi sifatida oʻqituvchilar mehnatini ragʻbatlantirish, pedagog kasbi nufuzini oshirish, darsliklarni yangilash va oʻzgartirish, yoshlarni maktabgacha taʼlimdan to oliy taʼlimgacha boʻlgan jarayonda sifatli bilim olishiga erishish bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekanligini qayd etdi. Chunki mamlakat rivojlanishiga hissa qoʻshadigan bilimdon kadrlar aynan taʼlim va ilm-fanga boʻlgan gʻamxoʻrlikka bogʻliq. Yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishni yengillashtirish hamda abituriyent talaba boʻlgandan keyin taʼlim jarayonini murakkablashtirish lozimligini bayon etarkan, buning uchun birinchi navbatda kvotalarni keskin kamaytirish, davlat granti va shartnoma-kontrakt asosida oʻqiydigan talabalar oʻrtasida raqobatni kuchaytirishning eng maqbul usuli — reyting-baholash tizimini joriy etishdan iboratligini bayon etdi.
Uning fikricha, shartnoma-kontrakt tizimida tahsil olayotgan talaba mutaxassislik va boshqa fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirganda byudjetga oʻtkazish, aksincha, byudjetda oʻqiyotgan, biroq oʻzlashtirishi past talabalarni shartnoma-kontrakt usulida oʻqishini tashkil etish adolatli boʻladi.
Prezidentlikka nomzodning 10 ta bobdan iborat dasturining har bir bobida adolat tamoyili ifoda etilgani saylovchilarga manzur boʻldi. Chunki adolat ustuvor boʻlgan jamiyatda rivojlanish boʻladi, elning turmushi farovonlashadi. Nomzodning dasturidagi xotin-qizlarning jamiyat siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, chuqur bilim va hunar egallashlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, bilimli, salohiyatli, tajribali, oilasi va el orasida har jihatdan ibrat xotin-qizlarni davlat boshqaruvi organlariga jalb qilish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi belgilangan.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlar rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, poraxoʻrlikka, taʼmagirlikka qarshi murosasiz boʻlish, adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish, sudni tom maʼnoda adolat qoʻrgʻoniga aylantirish, fuqarolarning sudma-sud ovora boʻlishlariga barham berish kabi masalalar saylovchilar dilidagi gaplar edi.
Nomzodning dasturi yuzasidan muzokaralarga chiqqan nomzodning ishonchli vakili Abdurashid Ortiqov, Termiz shahridagi “Amudaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi direktori Shohida Xolliyeva, Yoshlar agentligi Termiz tumani kengashi raisi Zikrillo Boqijonov, Sherobod tumanidagi 66-umumtaʼlim maktabi direktori Saodat Toʻlayeva, Jarqoʻrgʻon tumanidagi Biznes maktabi direktori Qizlarshoy Rahmatova, xalq deputatlari Denov tumani kengashi deputati Shohruh Toshtemirov, TerDU professori, tarix fanlari doktori Shopoʻlat Shaydullayev va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturidan oʻrin olgan huquqiy-demokratik davlat hamda adolatli jamiyat qurish borasidagi gʻoyalarini hayotga keng joriy etish zarurligini taʼkidlab, saylov kuni barchani ushbu nomzodga ovoz berishga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida B. Abduhalimov saylovchilarning savollariga atroflicha javob berdi.
Usmonali NORMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri