O'ttiz yillik muammolar hal bo'ldi

    Farg'ona viloyatining Toshloq tumanidagi “Xonariq” mahalla fuqarolar yig'ini hududagi 2,5 kilometrga yaqin ichki yo'l asfal`tlandi, 600 metr beton qoplamali yangi yo'l qurildi.

    Bir qaraganda, bular unchalik katta raqamlar emas. Ammo tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan, bir tomoni qo'shni Andijon viloyatining Bo'z tumaniga tutash, o'tgan asrning 50-yillarida qum barxanlari qo'ynida barpo etilgan qishloqda yaratilgan bu infratuzilma shu erda yashayotgan odamlar uzog'ini yaqin, og'irini engil qilgani rost.

    — Yozda chang-to'zon, qishda to'piqqacha loy ko'chalarimizda bugun amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga ko'pning havasi keladi, — deydi mahalla fuqarolar yig'ini raisi Ro'ziboy Mirzaev. — O'ttiz yildirki, ichki yo'llarni ta'mirlash, tartibga keltirish, toza ichimlik suv olib kelish echib bo'lmas masalalardan edi. Orzularimiz ushaldi. Aholi turmush tarzi uchun muhim madaniy-maishiy sharoitlarni yaxshilash uchun zarur mablag' ajratishda “Ochiq byujdet”, “Tashabbusli byudjet” tamoyillari hayotga tadbiq etilgani ayni muddao bo'ldi. Ko'chalarimizni asfal`tlash borasida bildirgan taklifimiz “Ochiq byudjet” portalida eng ko'p – 2014 ta ovoz oldi. SHuningdek, 3 kilometr toza ichimlik suv tarmog'i tortilgani qishlog'imiz aholisi qalbiga o'zgacha quvonch, shodlik olib keldi. Obod bo'lgan ko'chalar odamlarimiz kayfiyati, ruhiyatini ko'tardi.

    Mahallada eni 4 metrdan kam bo'lmagan, qalinligi 18 santimetr beton qoplamali tekis va ravon yo'llar qurilmoqda. Pishiq, puxta, sifatli yo'llar holati havas qilgulik. Mutaxassislar beton qoplamali yo'llarda transport va aholi harakatlanishi bilan bog'liq har bir jihatni hisobga olgan. Xususan, sovuq va yog'ingarchilik mavsumida sirpanib ketmaslik, yo'l harakati bilan bog'liq xodisalarning oldini olish choralari ko'rilgan.

    Zamonaviy qiyofa kasb etgan yo'l bo'ylarida tungi chiroqlar o'rnatildi, piyodalar yo'laklari qurildi, obodonlashtirildi, sug'orish tizimlari o'rnatildi.

    Shu yilning o'zida birgina Toshloq tumanida “Ochiq byudjet” platformasi va “Mening yo'lim” loyihasi doirasida 9 kilometrdan ortiq ichki yo'l asfal`tlanmoqda.

    Asfal`tlanmagan ko'cha qolmaydi

    — Ish boshlagan ilk kunimdanoq mahalla ahli kundalik hayot tarzi uchun muhim bo'lgan yo'l, toza ichimlik suv tarmoqlari ishini yaxshilash, aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga e'tibor qaratib kelyapman, — deydi Toshloq tumani “So'kchilik” mahalla fuqarolar yig'inidagi hokim yordamchisi Muhammadqodir No''monov. — “Mening yo'lim” loyihasi doirasida Hilol ko'chasida 3 kilometrdan ziyod asfal`t yotqizildi. Mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan yana 800 metr ichki ko'chani shag'allashtirish, asfal`tlash harakatidamiz.

    Yo'lsozlar qudratli texnika vositalari yordamida ichki yo'llarga shag'al yotqizish, tekislash, betonlash bilan bog'liq amaliy ishlarni bir dam bo'lsa-da to'xtagani yo'q.

    — Yangi mahallaga ko'chib chiqqanimizga 35 yil bo'ldi, — deydi Hilol ko'chasida yashovchi Muxtorali ergashev. — Uyga mehmon kelsa, xijolat bo'lardik. Ko'chalarimiz kuz-qish oylarida loy, yozda chang-to'zon edi. Holat yuzasidan ko'p joyga murojaat qilganmiz. Ammo ijobiy echim topilmagan. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan qurilish, bunyodkorliklar tufayli ko'p qatori mahallamizdagi ichki yo'llar ham ta'mirlandi. Aholi va transport harakatlari uchun qulay sharoitlar yaratildi. So'nggi yillarda yo'l, suv, elektr ta'minoti bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratilayotgani, echim izlanayotgani barchamizni quvontiryapti.

    Joriy yilda viloyat hududida 531 kilometr ichki yo'lni ta'mirlash, asfal`tlash rejalashtirilgan. Ta'mirlash dasturi asosida hozirga qadar 47,6 kilometr tsementobeton, 106,1 kilometr asfal`t qoplama, 72,4 kilometr shag'al to'shash ishlari amalga oshirildi.

    Qo'shtepa tumani “Langar” mahalla fuqarolar yig'inidagi ichki yo'llar shu paytga qadar abgor ahvolda edi. Joriy yilgi reja asosida bu erdagi 7,1 kilometr ichki yo'l to'liq ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Bu ishlar uchun davlat byudjetidan 2820 million so'm sarflandi.

    — Bu kabi misollar ko'p, — deydi Farg'ona viloyati “Mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati” DUK rahbari Shuhratjon Po'latov. — “Obod qishloq” dasturi doirasida Yozyovon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig'inidagi Qayirma, Nayman, Kattashoh, Bog'cha, Bog' ko'chalarida 3 kilometrdan ortiq yo'l asfal`tlandi. Bo'tqachi ko'chasining 2,6 kilometri qayta ta'mirlandi. Ichki ko'chalarni ta'mirlashni 1 oktyabrgacha yakunlash ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, viloyatimizdagi ichki xo'jalik yo'llarini 2026 yilga qadar belgilangan dastur asosida bosqichma-bosqich to'liq ta'mirlash rejalashtirilgan. Buning natijasida birorta ham nosoz ichki yo'l qolmaydi.

    Uzoq yillar davomida yo'llar qurish, ta'mirlashga e'tiborsizlik tufayli ichki yo'llar holati izdan chiqdi, aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'ldi. endi bu boradagi muammolarga echim izlanyapti.

    Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022 – 2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, birgina Farg'ona viloyatda 261 ta mahalla fuqarolar yig'ini hududida 85 kilometr tsementobeton, 218 kilometr asfal`t qoplamali yo'l qurish, 228 kilometr yo'lga shag'al yotqizish rejalashtirilgan. Bu ishlar respublika byujdeti mablag'lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

    — Mutaxassislarimiz alohida qurilmalar yaratib, innovatsion g'oyalarni amaliyotga joriy etyapti, — deydi “O'zyo'linspektsiya”ning Farg'ona viloyati hududiy bo'limi bosh mutaxassisi – davlat inspektori Jahongir Sharopov. — Mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, beton qoplamali yo'llar yoz va qish mavsumida birdek xavfsiz bo'lishiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda har bir jarayon bo'yicha alohida yo'riqnomalar ishlab chiqildi. Qo'l mehnatini kamaytirish uchun avtomatik qurilmalardan keng foydalanilyapti. Belgilangan me'yorga ko'ra, asfal`t yo'llardan o'rtacha 8-10 yil, beton qoplamali yo'llardan esa 20 yil foydalaniladi. Sifati, tejamkorligi va xomashyo borasida taqchillik kuzatilmasligi sababli yaqin istiqbolda ichki yo'llarga bosqichma-bosqich beton qoplama yotqizish choralari ko'rilmoqda.

    Yangi imkoniyatlar

    Farg'ona viloyatida 19 ming 950,5 kilometr avtomobil` yo'li mavjud bo'lib, uning 4031 kilometri umumfoydalanishdagi, 15919,5 kilometri ichki xo'jaliklararo bo'lib, shahar va qishloq aholi punktlari ko'chalarini tashkil etadi.

    O'tgan yili viloyatda yo'llarni ta'mirlash dasturi doirasida umumiy qiymati 494,8 milliard so'mlik ish bajarilishi natijasida 1550,4 kilometr yo'lning holati yaxshilandi, 1 ta zamonaviy ko'prik foydalanishga topshirildi.

    — Belgilangan ishlarni o'z vaqtida va sifatli bajarish uchun yangi texnika va texnologiyalardan, arzon, sifatli mahalliy qurilish xomashyolaridan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratyapmiz, — deydi Farg'ona viloyati Avtomobil` yo'llari hududiy boshqarmasi boshlig'i Oybek Nazirov. — Ayniqsa, ichki xo'jalik yo'llari va yo'laklarni ta'mirlash, transport va aholi harakatlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, yo'l belgilari o'rnatish ishlari kundan kunga ortib bormoqda. Natijada ichki yo'llarni ta'mirlash darajasi qariyib 68 foiz oshdi. 2021 yilda 1050 ta mahalla va qishloqdagi ichki yo'llar ta'mirdan chiqarildi.

    Viloyatda keng va ravon yo'llar qurish, mavjudlarini ta'mirlash bilan ishlari bir dam bo'lsa-da to'xtagani yo'q. Yozning haroratli quyoshi taftiga qaramay, yo'lsozlar yo'l tekislash, tosh-shag'al, asfal`t yotqizish, betonlash kabi mukammal va joriy ta'mirlash ishlarini jadal olib bormoqda.

    Xulosa qilib aytganda, Farg'onada zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan ichki va tashqi avtomobil` yo'llari tarmog'ini rivojlantirish, transport qatnovlariga keng yo'l ochish, xarajatlarni kamaytirish, umumfoydalanuvdagi avtomobil` yo'llarini qurish borasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar aholi uzog'ini yaqin, og'irini engil qilish imkoniyatini bermoqda.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri.