Tuman markazidan bu yerga yetib kelish uchun salkam 200 kilometr masofani bosib oʻtishga toʻgʻri keladi. Ovulda yashayotgan mingga yaqin aholining asosiy qismini qozoq, shuningdek, turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz tashkil etadi. Ular oʻz milliy anʼanalari, sanʼati va madaniyati, tilini saqlab, keyingi avlodlarga bezavol yetkazishi uchun hamma sharoit yaratilgan. Keyingi yillarda ovulda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida uning qiyofasi butkul oʻzgardi.
Xalqaro ahamiyatga ega trassadan ovulga olib boradigan yoʻl hamda ichki koʻchalarga asfalt qoplamasi, tosh-shagʻal yotqizildi, piyodalar yoʻlaklari barpo etildi, obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish yumushlari olib borildi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilandi, elektr energiyasi, tungi yoritish, gaz taʼminotini yaxshilash yuzasidan ishlar bajarildi. Oʻzgarishlar jarayonida ovul ahlining uzoq yillik yana bir orzusi ushaldi, mavjud xonadon va ijtimoiy soha obyektlari sifatli ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlanyapti. Ahamiyatlisi, bu yerda barpo etilgan yangi shifoxona, maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, fuqarolar yigʻini binosida yaratilgan sharoitlar shaharlardagidan ortiq boʻlsa ortiqki, aslo kam emas. Eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy masalalar – hududda sanoatni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish yuzasidan ham bir qator loyihalar hayotga tatbiq etilyaptiki, bularning oʻzi bir alohida mavzu.
Shu maʼnoda, mamlakatimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida keng miqyosda oʻtkazilayotgan uch avlod uchrashuvlari, yoshlik, xalqlar doʻstligi bayramlarining navbatdagisi aynan mana shu goʻshada tashkil etilgani katta ramziy maʼnoga ega boʻldi.
Peshku, Romitan, Qorovulbozor, Shofirkon, Gʻijduvon tumanlari, shuningdek, Navoiy viloyatidan kelgan mehmonlar, avvalambor, ovulliklar hayotida roʻy berayotgan yangilanishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ilgari oddiy laboratoriya tekshiruvlari uchun ham odamlar tuman markaziga yoʻllangan boʻlsa, endilikda zamonaviy va shinam, qishda issiq, yozda salqin boʻladigan moʻjaz shifoxonada Jongeldidan tashqari qoʻshni Qalʼaota va Safron ovullari aholisiga ham shu yerning oʻzida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilyapti. Elektrokardiogramma, ultratovushli tekshiruv apparatlari, qolaversa, umumiy amaliyot shifokorlari bilan birga, terapevt, pediatr mutaxassislar, 10 oʻrinli kunduzgi statsionar, jarrohlik, bolalar va tez tibbiy yordam boʻlimlari, stomatologiya, ijtimoiy dorixona. Xullas hammasi bir joyda mujassam.
Oʻzbekistonda mustahkam qaror topgan xalqlar doʻstligi, yoshlik, mehr-oqibat muhitini Buxorodagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ham his qilishdi. Hindistondan kelib, Buxoro davlat tibbiyot institutida aʼlo baholarga oʻqiyotgan talabalar uch avlod uchrashuvining faol ishtirokchisiga aylangan.
Oʻzbek atlasi va adrasi. Azaliy qadriyatlarimiz, milliyligimiz ifodasi boʻlgan ushbu matodan tikilgan libosda har qanday ayol, u qaysi millatga mansub boʻlmasin, yanada goʻzal va latofatli boʻladi.
Millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va hamjihatlik namoyishi milliy qadriyat va anʼanalar, sanʼat va madaniyat taqdimotlariga ulandi.

Yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida toʻplagan boy tajribasi, yoshlik davridagi oʻziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida koʻrsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida oʻz dil soʻzlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.
Jonajon Oʻzbekistonimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik muhitini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, bunday bebaho boylikni muttasil mazmunan boyitib borish masalalari anjumanda soʻzga chiqqanlar nutqida, dasturxon atrofidagi gurunglarda, ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslarda ham alohida ajralib turdi. Ona Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida bir musht boʻlib yashash, mehnat qilish, kelgusi avlodlarni shu ruhda kamol toptirish muqaddas burch ekani bir ovozdan baralla yangradi.

Oʻzbekiston Qahramonlari, vatanimizning boshqa yuksak mukofotlariga loyiq koʻrilgan turli soha vakillari, ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan otaxon va onaxonlar, jamoatchilikning taniqli namoyandalari, yoshlar vakillari. Aynan shu kechada ularning barchasi uchun yangi marralar belgilab olindi, Yangi Oʻzbekiston uchun yangi tashabbuslar, gʻoyalar ilgari surildi. Ular esa shubhasiz real hayotiy natijalarga aylanib, yurtimizni taraqqiyotning yanada baland choʻqqilariga olib chiqishga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati hokimligi matubot xizmati.