Mazkur kompleksning qurilishi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yilning 23 oktyabrida “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish to'g'risida”gi qarorida ko'zda tutilgandi.
Ayni paytda tumanning “YAngi hayot” MFY hududidan mazkur kompleks qurilishi uchun 234 gektar sug'oriladigan er, pichanzor va yaylov uchun 663 gektar er maydoni ajratilgan.
Kompleks qurilishi uchun esa 5 gektar er ajratilgan. Hozirgi kunda MCHJ tomonidan dastlabki qurilish ishlari boshlanib, er tekislash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida chet eldan 1000 bosh zotdor qoramol keltirilib, yiliga 6000 tonna sut va 57 tonna go'sht mahsulotlari ishlab chiqariladi. 55 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi.
2019–2021 yillarda qoramolchilik va qo'y-echkichilikni rivojlantirish maqsadida, tumanda umumiy qiymati 746 mlrd. 598 mln. so'mga teng bo'lgan (shundan 53 mln. 210 ming dollari horijiy investitsiya) 30 ta chorvachilik kompleksi (17 ta qoramolchilik, 13 ta qo'y-echkichilik) yaratilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda mazkur loyihalar uchun tuman hududidan 20 124 gektar sug'oriladigan er, 50 033 gektar yaylov-pichanzorlar, qurilish ishlari uchun esa 149 gektar er maydoni ajratildi.