Oxirgi sakkiz yilda ishlab chiqarish hajmi ikki yuz barobar oshdi

    Hukumat 31 Oktabr 2024 1445

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi sanoat zonasida “Universal filter” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

    Bu yerda transportlar uchun havo va moy filtrlari, metallurgiya, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalari uchun buyumlar — jami 600 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

    Oʻz faoliyatini 2007-yilda qurilish materiallari tarmogʻidan boshlagan tadbirkor 2020-2023-yillarda 20 million dollarlik loyihalarni amalga oshirgan. Bugungi kunda uch gektar maydonda 6 ta yoʻnalish yoʻlga qoʻyilgan. Korxonalarga Rossiya, Xitoy, Slovakiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan.
    Tadbirkorning aylanma mablagʻi bundan yetti-sakkiz yil oldin atigi 1 milliard soʻm edi. Endilikda joriy yil yakuniga qadar 200 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi. 250 kishining doimiy bandligi taʼminlangani esa ijtimoiy muhim jihat.

    Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishdi.

    Mamlakatimizda atmosfera havosiga taʼsiri boʻlgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonasi mavjud. Ulardagi chang-gaz tozalash uskunalarining koʻpi eskirgan. Ilgari bu yoʻnalish faqat chet elga bogʻlanib qolgani uchun filtrlarni yangilash yillab choʻzilgan. Endi bu sohada ham importga raqobatdosh oʻz mahsulotlarimiz va xizmat koʻrsatish paydo boʻlmoqda. Joriy yilning toʻqqiz oyida yuzdan ortiq korxonaning chang-gaz tozalash uskunalari yangilandi.

    Bunday ishlarda mazkur korxonaning ham oʻrni bor. Ishlab chiqarish hajmi yildan yilga ortmoqda. Mahsulotlar mahalliylashtirilishi natijasida sifatni yoʻqotmagan holda tannarxni tushirishga erishilmoqda.

    Korxona mahsulotlari Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va Ozarbayjonga ham joʻnatilmoqda. Joriy yil yakuni boʻyicha eksport hajmi 1 million dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusida bu geografiyani va miqdorni oshirish maqsad qilingan.

    Shu yerda Navoiy viloyatining sanoat mahsulotlari koʻzdan kechirildi. Jumladan, ogʻir va yengil sanoat uchun detallar, uskunalar, kompressorlar, elektrotexnika jihozlari, mis va plastik quvurlar, nasos qismlari namoyish etildi. Ularni birlashtiruvchi jihat — mahalliylashtirilgani.

    Prezident mamlakatimizda gidroenergetikani yanada rivojlantirish maqsad qilinganini taʼkidlab, kichik va mikroGESlar qurish va ularning komponentlarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʻyicha topshiriq berdi.

    Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalar uchun mahalliylashtirish loyihalarini kuchaytirish orqali viloyatda ishsizlikni kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.